Ukraina Rossiya Xersonni jangsiz topshirayotganini ko‘rmayapti – Podolyak

Olam

image

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak Rossiya qo‘shinlarining Xersondan chekinishi haqida gapirishga hali erta ekanligini aytdi.

“Ukraina Rossiya Xersonni jangsiz tark etayotganining alomatlarini ko‘rmayapti. Gap va amalni ajrata olish muhim. Xerson uzra Ukraina bayrog‘i hilpirab turmagunicha, rus qo‘shinlarini olib chiqib ketish haqida gapirishdan ma’no yo‘q. Ukraina esa Rossiyaning bayonotlarini endi inobatga olmaydi”, deb yozdi u Twitter’da.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisining qo‘shimcha qilishicha, bir guruh rus qo‘shinlari hamon shaharda, Rossiya esa qo‘shimcha zaxiralarni shakllantirishda davom etmoqda.

“Ukraina hududlarni razvedka ma’lumotlari asosida ozod qilmoqda, uyushtirilgan televizion bayonotlarga qarab emas”, deydi Podolyak.

O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak Telegram’da shunday post qoldirdi:

“Ba’zi odamlar o‘zlarini juda ayyor deb o‘ylashyapti... Lekin biz bir qadam oldindamiz”.

Nikolayev viloyati rahbari Vitaliy Kim esa ruslar bir narsa desa, aksini qilishini ta’kidladi.

Oktyabr oyining ikkinchi yarmida Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikin Rossiya davlat matbuotiga Xerson yo‘nalishida “qiyin vaziyat” yuzaga kelganini aytdi va kelajakda “qiyin qarorlar” qabul qilinishi mumkinligini tan oldi.

9 noyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga bergan hisobotida Surovikin Dneprning o‘ng qirg‘og‘ini himoya qilishga urinishlarni “umidsiz” deb hisoblashini aytdi. Shoygu uning fikriga qo‘shildi va qo‘shinlarni daryoning chap qirg‘og‘iga o‘tkazishni buyurdi, bu Xerson topshiriligini anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

488

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing