Ukraina Rim statutini ratifikatsiya qildi
Olam
−
21 avgust
3121Ukraina Oliy Radasi bugun, 21 avgust kuni Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qildi. Bu haqda mamlakatning “Ovoz” partiyasi deputati Yaroslav Jeleznyak o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Tegishli qonun loyihasini 281 nafar deputat yoqlab ovoz bergan, faqat bir nafari qarshi ovoz bergan. 22 nafar deputat esa betaraf qolgan.
“Gap ratifikatsiya haqida ketayotganligi sababli, bu tartib Radada ikkinchi o‘qishga muhtoj emas”, deya yozgan “RBK-Ukraina” nashri.
Jeleznyakning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rib chiqish jarayonida parlamentda juda qiyin muhokama bo‘lgan. Bundan tashqari, ovoz berishdan oldin xalq deputatlariga Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovning qo‘llab-quvvatlash xatlari topshirilgan.
Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti ushbu sudni tashkil etgan xalqaro shartnomadir. U sudning faoliyatini, shuningdek, uning yurisdiksiyasiga kiradigan jinoyatlarni belgilaydi. Bular, xususan, bosqinchilik, genotsid, urush hamda insoniyatga qarshi jinoyatlardir.
Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Irina Mudrayaning ta’kidlashicha, Ukrainaning Rim nizomini ratifikatsiya qilishi unga XJSga to‘liq a’zo bo‘lish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Ukraina 2000 yil 20 yanvarda Rim statutini imzolagan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan. 2014 yilda YeI bilan Assotsiatsiya shartnomasini imzolaganidan keyin ushbu hujjatni ratifikatsiya qilish Ukrainaning bevosita xalqaro majburiyatlaridan biri bo‘lgan. Joriy yilning 15 avgust kuni Prezident Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilish va unga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etgan edi.
2023 yilning 17 mart kuni XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ular Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Ukraina hududidan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblandi. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar agar Putin ularning hududiga qadam bossa, Rossiya Prezidentini hibsga olish majburiyatini oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina parlamenti mamlakatda Rus pravoslav cherkovi faoliyatini taqiqlagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi