Ukraina raketa zarbalari ortidan Yevropaga elektr energiya sotishni to‘xtatdi

Olam

image

Ukraina energetika ob’ektlari Rossiya tomonidan o‘qqa tutilgani sababli 11 oktyabrdan boshlab elektr energiyasi eksportini to‘xtatdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

“Issiqlik ishlab chiqarish va elektr podstansiyalariga talafot yetkazgan bugungi (10 oktyabr) raketa hujumlari Ukrainani o‘z energiya tizimini barqarorlashtirish uchun 2022 yil 11 oktyabrdan elektr energiyasi eksportini to‘xtatishga majbur qilmoqda”, deydi Ukraina Energetika vaziri German Galushchenko.

Ukraina Yevropa Ittifoqiga, alohida tarmoqlar orqali Polsha va Moldovaga elektr energiyasi yetkazib berayotgandi. Energetika vazirligi yangi zarbalarni Rossiyaning Yevropaga elektr yetkazib berishga to‘sqinlik qilishga urinishi deb izohladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol,  Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. 

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 14 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.

Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi. 

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, energetika va aloqa ob’ektlariga ommaviy zarba berilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

132

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing