“Ukraina osmonini yoping”. Lvovda urushda o‘ldirilgan bolalar xotirasi uchun aksiya o‘tkazilyapti (fotoreportaj)
Olam
−
19 mart 2022
9495Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan beri rus qo‘shinlari 109 nafar ukrainalik bolani o‘ldirgani aytilmoqda. Shu munosabat bilan Lvovda halok bo‘lgan bolalar xotirasiga bag‘ishlangan aksiya o‘tkazilmoqda, odamlar shahar markaziga bo‘sh aravachalarni qo‘yib qo‘ygan. Bu haqda Lvov meri Andrey Sadoviy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rinok” maydonidagi bo‘sh chaqaloq aravachalari Ukraina osmonini himoya qilayotgan farishtalarning hayot ramzidir.
“Bu – Ukraina bugun to‘layotgan urushning dahshatli narxi. Biz esa butun dunyodagi barcha kattalarni ukrainalik bolalarni yagona qalqon bilan himoya qilishga va ularga kelajak berishga chaqiramiz. Boshqa davlatlar hukumatlaridan Ukraina osmonini yopishni talab qiling”, degan Sadoviy.
Lvov meri mahalliy aholi aksiyani suratga olishi, Rossiya jinoyatlari haqida gapirishi va ijtimoiy tarmoqlarda #closethesky heshtegi bilan chop yetishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, kecha, 18 mart holatiga ko‘ra, Rossiya boshlagan urushda 109 nafar bola qurbon bo‘lgan, 130 dan ortiq bola jarohat olgan.
Rossiyaning hujumidan jabrlangan bolalarning aksariyati quyidagi hududlarda:
• Kiyev - 55;
• Xarkov - 34;
• Donetsk - 26;
• Chernigov - 29;
• Nikolayev - 20;
• Jitomir - 15;
• Sumi - 14;
• Xerson - 14.
LiveBarchasi