Ukraina NATO a’zoligi o‘rnini bosuvchi kafolatlarni rad etdi
Olam
−
03 dekabr
2893Kiyevdagi hukumat NATO-Ukraina kengashining Bryusseldagi yig‘ilishi ochilishi oldidan Shimoliy Atlantika alyansidagi to‘liq a’zolikdan tashqari har qanday xavfsizlik kafolatlarini rad etdi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bugun, 3 dekabr kuni bayonot berdi.
“Ishonchimiz komilki, Ukraina xavfsizligining yagona haqiqiy kafolati, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga va boshqa davlatlarga nisbatan keyingi harakatlarini to‘xtatuvchi omil Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zo bo‘lishidir”, deyiladi hujjatda.
Bayonotga ko‘ra, Ukraina ittifoqqa a’zolikni almashtiradigan har qanday formatni oldindan rad etadi.
“Budapesht memorandumining achchiq tajribasini ortda qoldirgan holda, biz Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zoligi uchun hech qanday muqobil, o‘rinbosar yoki o‘rnini bosuvchi vositalarni qabul qilmaymiz”, deyiladi hujjatda.
Joriy yilning 5 dekabr kuni Ukrainaning Budapesht memorandumi sifatida ham tanilgan “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomaga qo‘shilishi munosabati bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanganiga 30 yil to‘ladi.
Bu hujjat Ukrainaga xavfsizlik, suverenitet va hududiy yaxlitlik kafolatlarini berishi, evaziga dunyodagi uchinchi kuchli yadroviy arsenaldan voz kechishi kerak edi. Memorandum global yadroviy qurolsizlanishni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi va boshqa davlatlar uchun yadroviy quroldan voz kechishi uchun namuna bo‘lishi kerak edi.
Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Budapesht memorandumini imzolagan AQSH va Buyuk Britaniyaga, unga qo‘shilgan Fransiya va Xitoyga, “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomaga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarni ushbu qoidani qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” NATOga a’zo davlatlar Bryusselda bo‘lib o‘tadigan ittifoq mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida Ukrainani o‘z saflariga taklif qilish bo‘yicha qaror qabul qilishi dargumonligi haqida yozgandi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, NATOga a’zo 32 davlat o‘rtasida Ukrainaning a’zoligi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan kelishuv belgisi yo‘q. Xususan, agentlik suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, AQSH ma’muriyati va Germaniya hukumati hozir buning uchun to‘g‘ri vaqt emas, deb hisoblamoqda.
LiveBarchasi