Ukraina Mo‘g‘ulistonni Putinni hibsga olishga chaqirdi

Olam

image

Ukraina hukumati Mo‘g‘ulistonni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Xalqaro jinoiy sud buyrug‘i bilan hibsga olishga chaqirdi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“Vladimir Putinning Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux taklifiga binoan Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan tashrifi haqidagi ma’lumotlar bilan bog‘liq holda biz quyidagilarni bildiramiz: biz Mo‘g‘uliston hukumatini majburiy xalqaro hibsga olish orderini bajarishga va Putinni Gaaga Xalqaro jinoiy sudiga topshirishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

Avvalroq Kreml Putinning Mo‘g‘ulistonga bo‘lajak safaridan xavotirda emasligini ma’lum qilgandi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Mo‘g‘uliston bilan ajoyib muloqot olib bormoqda.

Vaziyatdan xabardor bo‘lgan “Bloomberg” manbalari Mo‘g‘uliston rasmiylari Gaaga sudi tomonidan harbiy jinoyatlar uchun qidiruvga berilgan Putin 2019 yildan beri ilk bor tashrif buyuradigan mamlakatda hibsga olinmasligiga kafolat berganini tasdiqlagan. Kremlning sobiq siyosiy maslahatchisi Stanislav Belkovskiyning agentlikka aytishicha, Putin Mo‘g‘ulistonga Xitoy kafolati ostida ketmoqda.

“Mo‘g‘uliston AQSH bilan qarama-qarshilikka kirishni istamasa ham, Xitoyga qarshi chiqmaydi”, degan u.

Vladimir Putin 3 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonga boradi va u yerda Sovet va Mo‘g‘ul qo‘shinlarining Xalxin-Gol daryosida yapon qo‘shinlari ustidan qozonilgan qo‘shma g‘alabasining 85 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi. Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti, shuningdek, mo‘g‘ulistonlik mavqedoshi Uxnaagiyn Xurelsux bilan “Rossiya-Mo‘g‘uliston munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik asosida rivojlantirish” masalalarini muhokama qilmoqchi va Mo‘g‘uliston parlamenti raisi Dashzegviin Amarbayasgalan bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqchi.

Ma’lumot uchun, Mo‘g‘uliston 2002 yilda XJS faoliyat ko‘rsatuvchi asosiy hujjat bo‘lmish Rim statutini ratifikatsiya qildi va 2023 yilda mamlakat vakili ikki yillik muddatga Xalqaro jinoiy sud sudyasi etib saylandi. Bugungi kunga kelib, Xalqaro jinoiy sud ish yurituvchi Rim statutini 137 davlat, jumladan, Ukraina ham imzolagan. Shu bilan birga, ushbu hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar soni 124 tani tashkil etadi. Rim statutining ratifikatsiya qilinishi Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olish va uning hukmlarini majburiy ijro etishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xalqaro jinoiy sud faoliyati asosi bo‘lgan Rim statutini ratifikatsiya qiluvchi qonunni imzolagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Mo'g'uliston Xalqaro jinoiy sud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing