Ukraina Moskvaga ommaviy dron hujumi uyushtirdi. O‘zbekiston uchoqlari esa yo‘nalishini o‘zgartirdi (video)
Olam
−
07 may 15397 2 daqiqa
Kecha, 6 may kuni Rossiya poytaxti Moskva shahri Ukraina tomonidan ommaviy dron hujumiga uchradi. Oqibatda shahar aeroportlari samolyotlar uchun yopildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib, RBK xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 may oqshomida Rossiya hududi ustida jami 57 ta ukrain droni yo‘q qilingan. Ulardan 31 tasi Bryansk viloyati, 14 tasi Kursk viloyati, yettitasi esa Orlov viloyati ustida urib tushirilgan.
Moskva viloyati hududida taxminan soat 1:00 dan 2:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 20 ga yaqin ukrain droni yo‘q qilingan. Kunning ikkinchi yarmida esa, soat 17:38 da yana ikki dron, 18:42 da esa yana bir dron urib tushirilgan.
“Bugun kun davomida Mudofaa vazirligi kuchlari dushman dronlari hujumini qaytarmoqda. Hozirda Moskva tomon uchayotgan yana ikki dron yo‘q qilindi”, deb yozdi Moskva meri Sergey Sobyanin.
Keyinroq, 22:52 da, u yana uchta dron urib tushirilganini bildirdi.
6 may tongidan boshlab Rossiyaning turli hududlarida aeroportlar vaqtincha yopildi. Rosaviatsiya Samara, Kaluga, Nijniy Novgorod, Qozon, Tambov, Yaroslavl shaharlaridagi aeroportlarda xavfsizlik nuqtai nazaridan parvozlar to‘xtatilganini bildirdi. Moskva atrofidagi Jukovskiy, Vnukovo va Domodedovo aeroportlari ham vaqtincha yopildi. Soat 21:19 da Jukovskiy aeroporti, 22:03 da esa Sochi aeroportida ham cheklovlar qayta joriy etildi.
Moskva shahri havo hududining yopilishi munosabati bilan quyidagi Uzbekistan Airways reyslari zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi:
- HY9619 – Namangan – Moskva (Vnukovo): Ufa shahridagi zaxira aeroportida;
- HY9671 – Toshkent – Nijniy Novgorod: Ufa shahridagi zaxira aeroportida;
- HY613 – Toshkent – Moskva (Vnukovo): Sankt-Peterburg shahridagi zaxira aeroportida;
- HY9627 – Farg‘ona – Moskva (Vnukovo): Sankt-Peterburg shahridagi zaxira aeroportida;
- HY601 – Toshkent – Moskva (Domodedovo): Sankt-Peterburg shahridagi zaxira aeroportida;
- HY605 – Samarqand – Moskva (Vnukovo): Sankt-Peterburg shahridagi zaxira aeroportida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaning turli hududlarini o‘qqa tutishi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lib, yana 13 kishi yaralangandi.
Live
Barchasi