Ukraina Moskvadagi MDH yetakchilari uchrashuvini nodo‘stona qadam deb atadi
Olam
−
09 may 2023
21278Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlarining Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan Moskvada o‘tkazilgan tantanalarda ishtirok etishini nodo‘stona qadam deb atadi. Tegishli bayonot vazirlik saytida e’lon qilindi.
“Yevropada urush boshlanganini ko‘z-ko‘z qilgan harbiy jinoyatchi bilan birgalikda xorijiy davlatlar rahbarlarining ommaviy tadbirda ishtirok etishini Ukrainaga axloqsiz va nodo‘stona qadam, omon qolish va ozodligi uchun kurashayotgan Ukraina xalqiga nisbatan nafrat ko‘rsatish, deb bilamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, rasmiy Kiyev uchrashuvdan bir kun oldin Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga 25 ta qanotli raketalarni uchirgani, bu esa Ukraina tuprog‘ida yanada ko‘proq o‘lim va vayronagarchilikka olib kelganini eslatgan.
Ta’kidlanishicha, tadbirda so‘zga chiqqan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ukrainaliklarning o‘ldirilishi, Ukraina shahar va qishloqlarining vayron qilinishi, ukrainalik bolalarning o‘g‘irlanishi va bosib olingan hududlar aholisiga nisbatan repressiyalarni oqlagan. Ishtirokchilarga esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushida qo‘llayotgan harbiy texnikalar namoyish etilgan.
“Bundan 78 yil avval natsizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘rta Osiyo va Kavkaz xalqlari beqiyos hissa qo‘shgan. Ular Kreml tomonidan natsizm ustidan g‘alaba qozonganlarning jasorati bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan soxta aksiyada ishtirok etish uchun foydalanish taqdiriga loyiq emas”, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 may kuni deyarli barcha MDH davlatlari: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari Moskvada bo‘lib, Qizil maydondagi markaziy tribunadan G‘alaba paradini tomosha qilgandi. So‘ngra ular Aleksandr bog‘idagi Noma’lum askar yodgorligiga gul qo‘ydi.
LiveBarchasi