Ukraina Luganskdagi kollejga zarba berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
23 may 2428 1 daqiqa
Kecha, 22 may kuni Ukrainaning Starobelsk pedagogika kollejiga qilgan hujumi oqibatida o‘n kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Lugansk Xalq Respublikasi rahbari Leonid Pasechnik ma’lum qildi.
“Qutqaruvchilar butun tun davomida Starobelskda vayronalarni tozalash ishlarini olib bordi. Afsuski, umidlar oqlanmadi – qurbonlar soni o‘n nafarga yetdi”, deb yozgan u.
Sog‘liqni saqlash tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda o‘n nafar yarador shifoxonada davolanmoqda. Ularning besh nafari og‘ir ahvolda. Yana 32 nafar yaradorga ambulator yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 11 nafar shaxsni qidirish ishlari davom etmoqda.
Rossiya tarafi ma’lumotlarga ko‘ra, 22 mayga o‘tar kechasi ukrain dronlari kollej yotoqxonasiga zarba bergan. O‘sha vaqtda binoda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 86 nafar o‘quvchi bo‘lgan. Hujum oqibatida bino qulab tushgan. Xabarda aytilishicha, uning yaqinida harbiy ob’ektlar bo‘lmagan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligiga ushbu hujumga javob choralari bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirgan. Shuningdek, u Ukraina harbiylarini qo‘mondonlik buyruqlarini bajarmaslikka chaqirgan. Hodisa bo‘yicha terrorchilik akti moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – “Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” Ukraina dronlari hujumidan keyin ishlab chiqarish quvvatining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotgan edi.
Live
Barchasi