Ukraina bombardimon qilgan Rossiya neft zavodi yarim quvvatidan ayrildi
Olam
−
22 may 4842 1 daqiqa
Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – “Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” Ukraina dronlari hujumidan keyin ishlab chiqarish quvvatining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Avvalroq, Rossiya Nijegorod viloyatining Kstovo shahridagi zavodga dron orqali hujum qilingandi.
Zarba oqibatida korxonaning asosiy AVT-6 neftni qayta ishlash qurilmasi faoliyati to‘xtatilgan. Qayd etilishicha, ushbu uskuna zavod umumiy quvvatining 53 foizini ta’minlagan va kuniga 25,7 ming tonna neftni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan.
“Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” Rossiyadagi to‘rtinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi. Korxona yiliga 16 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik benzin ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi.
Zavod so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi bor dron hujumiga uchradi. Joriy yilning 5 aprel kuni ham zavodga zarba berilgandi. O‘shanda korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilingan.
Ukraina dronlari hujumlari sabab Rossiyaning markaziy qismidagi bir qator yirik neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan.