Ukraina Kursk AESni egallashi mumkin edi – Zelenskiy
Olam
−
30 Oktabr
8741Agar Ukraina xohlasa, Kursk yaqinidagi atom elektr stansiyasi qo‘lga olingan bo‘lardi. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy Shimoliy Yevropa mamlakatlari OAV vakillariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shu bilan birga, u Ukraina harbiylari Kursk viloyatidagi “operatsiya” vaqtida Kursk atom elektr stansiyasini egallab olish niyatida emasligini ta’kidladi.
“Biz buni qila olardik, lekin biz buni hech qachon xohlamagan edik, hech qachon, chunki bu biz Rossiya bilan bir xil bo‘lishimizni anglatishini tushunamiz. Biz Zaporoje atom elektr stansiyasidagi kabi ularning muhim infratuzilmasini egallamayapmiz”, dedi Zelenskiy.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Ukraina harbiylari Kursk viloyatidagi “hujum” chog‘ida zavodlar yoki energetika tizimi ob’ektlarini bosib olishga “hatto harakat ham qilmagan”.
Shuningdek, Ukraina yetakchisi Kiyevning Tomahawk raketalari so‘rovini tasdiqladi, biroq bu Ukraina va Oq uy o‘rtasidagi maxfiy ma’lumot ekanini ta’kidladi. U bu ma’lumotlarning axborot maydoniga "sizib ketganidan" g‘azabini bildirdi.
"Biz bu xabarlarni qanday tushunamiz? Demak, bu sheriklar o‘rtasida hech qanday maxfiy narsa yo‘qligini anglatadi", deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Uning aytishicha, Ukraina 2024 yilda AQSH Kongressi ovoz bergan yordam paketining atigi 10 foizini oldi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlar barcha va’da qilingan havo mudofaa tizimlarini taqdim etmagan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shin yetishmasligi tufayli frontda chekinmoqda.
“Bir yo‘nalishda qo‘shinlar soni 1 ga 8 ni tashkil etishi haqida ma’lumot olganimda, tanlov paydo bo‘ladi: qolish va o‘lish yoki albatta, chekinish, yigitlar, askarlarni qutqarish, odamlarni qutqarish”, deb tushuntirdi Prezident.
Ukraina Prezidenti Gruziyadagi saylovlardan keyingi voqealarni sharhlar ekan, “bugun Rossiya Gruziyada g‘alaba qozongani”ni aytdi.
“Rossiya bugun Gruziyada g‘alaba qozonganini tan olishimiz kerak. Avval Gruziyaning bir qismini oldi, endi u yerda siyosatni o‘zgartirdi, hukumatni o‘zgartirdi, endi esa rossiyaparast hukumat, rossiyaparast pozitsiyalar mavjud. Putinga qarshi sanksiya yo‘q, Gruziyada ko‘p ruslar bor. Ularning tanlovi Rossiya bilan do‘stlik, ularning tanlovi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish emas. Ular o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirdi. Bugun Rossiya g‘alaba qozondi. Ular Gruziyaning erkinligini tortib oldi”, deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning fikricha, Rossiya Moldovada ham “shu yo‘nalishda harakat qilmoqda”.
“Ko‘rasiz, Rossiya xuddi shunday ketmoqda. Ular ham xuddi shunday qilishni istaydi va agar G‘arb qizil chiziqlar haqidagi gaplarini to‘xtatmasa, shunday qiladi. Agar ular buni to‘xtatib, bu ritorikani davom ettirmasa, bir-ikki yil ichida Moldovani yo‘qotadi”, dedi Ukraina rahbari.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Britaniyaning “Financial Times” gazetasi Ukraina rasmiylariga tayanib, Ukraina va Rossiya tomonlarning energetika infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borayotganini xabar qilgandi.
LiveBarchasi