Ukraina kuchlari 8 oy bosqin ostida bo‘lgan Xersonga kirdi

Olam

image

Bugun, 11 noyabr kuni Ukraina Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari Xersonga kirdi. Bu ma’lumotni “Gromadske” nashriga shahar aholisi, mahalliy jurnalistlar va Xerson viloyati hokimiyatidagi manba tasdiqladi.

Ukraina ommaviy axborot vositalarida Xerson aholisi Ukraina Qurolli kuchlarini shahar ko‘chalarida kutib olayotgan foto va videolar paydo bo‘lgan edi. Xersondagi politsiya shtab-kvartirasida harbiylar Ukraina bayrog‘ini osib qo‘ygani tasvirlari ham chop etilgan.

Bundan tashqari, internetda Xerson viloyati ma’muriyati binosi oldida Ukraina bayroqlari ko‘tarilgan odamlarning surati paydo bo‘ldi.

Ukraina rasmiylari rasmiy ravishda mamlakat Qurolli Kuchlari shaharga kirganini hali e’lon qilmagan bo‘lsada, bunga imo qiluvchi yangiliklarni chop etishdi. Xususan, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegram-kanalida “11/11/2022” nomli qisqa post yozdi.

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi esa Qurolli Kuchlar bo‘linmalari Xersonda ekanligini tasdiqladi. Idora rossiyalik harbiylarning chekinish yo‘llari Ukraina tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.

11 noyabr kuni ertalab Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rus harbiylari Xersondan chekingani haqida xabar bergandi.

Xersonni tark etish to‘g‘risidagi qaror 9 noyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi rus qo‘shinlari qo‘mondoni general Sergey Surovikinning hisobotini tinglagach e’lon qilindi. Surovikinning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda shaharni to‘liq ta’minlashning iloji yo‘q va qo‘shinlarning Dneprning o‘ngdan chap qirg‘og‘iga olib chiqilishi askarlarning hayotini saqlab qoladi.

Xerson Ukrainaga bostirib kirish boshlangandan beri rus armiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan yagona mintaqaviy markaz edi. Mart oyining boshidan buyon sakkiz oydan ko‘proq vaqt davomida shahar ruslar bosqini ostida bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

283

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing