Ukraina Qrim yaqinidagi gaz va neft platformalarini qaytarib oldi
Olam
−
13 Sentabr 2023
12586Ukraina qo‘shinlari Qrim yaqinidagi bir nechta gaz va neft burg‘ulash platformalari ustidan nazoratni tikladi. Bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi xabar berdi.
Aytilishicha, Kiyev qo‘shinlari “noyob operatsiya”da “Boyko minoralari” deb nomlanuvchi burg‘ulash platformalarini Rossiyadan qaytarib olgan.
Platformalar 2015 yildan beri Rossiya ishg‘oli ostida bo‘lgan va 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri Moskva tomonidan harbiy maqsadlarda foydalanib kelingan.
“Ukraina uchun Boyko minoralari ustidan nazoratni tiklash strategik ahamiyatga ega edi, buning natijasida Rossiya ulardan harbiy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini yo‘qotdi. Rossiya Qora dengizni to‘liq nazorat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi va bu Ukrainani Qrimni qaytarishga yaqinlashtirmoqda”, deyiladi bayonotda.
Operatsiya davomida Ukraina maxsus kuchlari katerlari va Rossiya qiruvchisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Qiruvchi shikastlangan va orqaga chekinishga majbur bo‘lgan. Bosh razvedka boshqarmasi boshqa “qimmatbaho sovrinlar” – vertolyotlar uchun o‘q-dorilar va Qora dengizdagi kemalar harakatini kuzatish imkonini beruvchi radar tizimini – ham qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, 2014 yilda Rossiya Qrim yarimorolini bosib olishidan oldin Ukraina Qora dengiz shelfida tabiiy gazning muhim qismini ishlab chiqargan va bu nafaqat Qrimni, balki Ukrainaning materik mintaqalarini ham gaz bilan ta’minlagandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina kuchlari Donetsk viloyatidagi Urojaynoye qishlog‘ini, Zaporoje viloyatidagi Rabotino qishlog‘ini va Baxmut yo‘nalishida 3 kilometr kvadrat hududni ozod qilgandi.
LiveBarchasi