Ukraina Fransiyadan SCALP raketalarini oldi
Olam
−
07 avgust 2023
4601Ukraina Fransiyadan SCALP uzoq masofali havo-yer raketalarini qabul qilib oldi. Bu haqda mamlakat Prezidentining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Kecha, 6 avgust kuni nishonlangan Ukraina Harbiy-havo kuchlari kunida Prezident Vladimir Zelenskiy Patriot va IRIS-T havo mudofaa tizimlarining ishi va imkoniyatlari to‘g‘risidagi hisobotni tinglagan, shuningdek, Su-25 hujumchi samolyotlari, Su-24M bombardimonchi, Su-27 va MiG-29 qiruvchi samolyotlarini ko‘zdan kechirgan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Nikolay Oleshukning qayd etishicha, bu samolyotlar hamkorlar tomonidan taqdim etilgan qurollardan, xususan, ZUNI havo-yer raketalari, Storm Shadow raketalari, AGM HARM antiradar raketalaridan foydalanish uchun yangilangan.
Zelenskiyning Telegram-kanaliga joylagan videoda esa Prezident harbiy xizmatchilarni taqdirlagani, so‘ngra SCALP raketalaridan biriga avtograf qoldirganini ko‘rish mumkin.
Joriy yilning 11 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Vilnyusdagi NATO sammitiga kelganidan so‘ng, uzoq masofali raketalarni Ukrainaga o‘tkazish niyati borligini bildirgan. Fransiya Qurolli kuchlar vaziri Sebastyan Lekornyu ham raketalarning bir qismi allaqachon yetkazib berilgani, qolganlari esa tashish jarayonida ekanini aytgan. Vazir ularning sonini oshkor etishdan bosh tortgan.
“Reuters” nashri esa Fransiya Ukrainaga 50 dona SCALP raketalarini yetkazib berish niyatida ekanini, bu raketalar sovet tipidagi samolyotlarda foydalanishga moslashtirilishini yozgan.
Ma’lumot uchun, SCALP raketalari Britaniya-Fransiya qo‘shma korxonasida ishlab chiqariladi. Inglizlar ularni Storm Shadow, fransuzlar esa SCALP deb atagan. Raketaning xususiyatlari Britaniya allaqachon Kiyevga yetkazib bergan Storm Shadow bilan bir xil.
LiveBarchasi