Ukraina Fransiyadan ilk Mirage qiruvchilarini qabul qilib oldi

Olam

image

Parij harbiy yordam doirasida Kiyevga berishga va’da qilgan ilk Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga yetib keldi. Bu haqda Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Fransiyada bir necha oy davomida tayyorgarlikdan o‘tgan ukrainalik uchuvchilar endi Ukraina osmonini himoya qilishga yordam beradi”, deb yozdi Lekornyu.

Biroq u Kiyevga qancha qiruvchi yetkazib berilgani haqida aniq ma’lumot bermagan. Oldinroq esa “La Tribune” nashri manbalari birinchi partiyaga uchta samolyot kirishini, Fransiyaning umumiy hisobda shunday 26 ta samolyotga egaligini va ularning oltitasini Ukrainaga topshirishi mumkinligini xabar qilgandi.

Ukraina fransuz qiruvchi samolyotlarini uzoq masofali Storm Shadow raketalarining tashuvchisi sifatida ishlatish ehtimoli ilgari surilmoqda. Ukraina armiyasi bunday raketalar yordamida Rossiya hududining ichkarisiga zarbalar bermoqda.

Ma’lumot uchun, Mirage 2000 – bu ko‘p maqsadli, to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyoti bo‘lib, u 1970 yillarda Dassault kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. U havo nishonlarini tutib olishdan tortib, yer usti ob’ektlariga aniq zarbalar berishgacha bo‘lgan turli vazifalarni bajara oladi. Ushbu samolyot Fransiya aviatsiyasining eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi.

Mirage 2000 dastlab yangi sovet qiruvchilariga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, 1978 yilda ilk parvozini amalga oshirgan. Seriyali ishlab chiqarish esa 1980 yillarning boshida boshlangan. O‘shandan beri u bir qator harbiy mojarolarda ishtirok etib, o‘zining samaradorligi va ishonchliligini namoyish etgan.

Bu qiruvchi uzoq masofali SCALP va Storm Shadow raketalari hamda aqlli AASM Hammer aviabombalaridan foydalana oladi. Ukrainaga yetkazib berilgan Mirage 2000-5 versiyasi modernizatsiya qilingan bo‘lib, yerusti nishonlariga yanada samarali zarba bera olish imkoniyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyun oyi boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga Mirage 2000 samolyotlari berilishi haqida ilk bor e’lon qilgan edi. 2024 yil dekabr oxirida Lekornyu ushbu qiruvchi samolyotlar 2025 yilning dastlabki uch oyi ichida to‘liq yetkazib berilishini aytdi. O‘shanda u samolyotlar yangi uskunalar, jumladan, yer-yer turidagi o‘t ochish tizimi va radioelektron kurash tizimi bilan jihozlanishini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya qiruvchi samolyot Ukraina Mirage 2000

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing