Ukraina “Azovstal”da qancha tinch aholi borligini ochiqladi

Olam

image

Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududida mingga yaqin tinch aholi va 500 ga yaqin yarador harbiylar bor. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari, Nazorat qilinmagan hududlarni reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha vazir Irina Vereshuk ma’lum qildi.  

“U yerda 1000 ga yaqin tinch aholi va 500 ga yaqin yarador askarlar bor. Ularning barchasini bugun “Azovstal”dan olib chiqib ketish kerak”, deb yozgan u o‘zining Telegram kanalida. 

Vereshuk gumanitar yo‘lak ochishga chaqirgan. U, shuningdek, dunyo yetakchilari va xalqaro hamjamiyatga “sa’y-harakatlarni “Azovstal”ga qaratishni” so‘rab murojaat qilgan. 

Rossiya Mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkovga ko‘ra, “Azovstal”da 2,5 mingdan ko‘p bo‘lmagan Ukraina xavfsizlik kuchlari qolgan, ular orasida “Azov” polkining harbiy xizmatchilari va xorijiy yollanma askarlar ham bor.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qilishicha, zavod hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinch aholi uchun gumanitar yo‘laklar tayyorlangan va sukunat rejimi e’lon qilingan, biroq zavodni hech kim tark etmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bir necha kun ichida zavodga tutash hududlardan yuzdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

Shundan so‘ng Putin “Azovstal”ga hujumni nomaqbul deb atagan va uni bekor qilib, sanoat zonasini to‘sib qo‘yishni buyurgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

383

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing