Ukraina AQSHdan taktik ballistik raketalar so‘radi – OAV
Olam
−
11 Oktabr 2022 6035 2 daqiqa
Kiyev AQSHdan yangi turdagi qurollar, jumladan Atacms taktik ballistik raketalari hamda to‘rtinchi avlod F-15 va F-16 jangovar qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni so‘ramoqda. Bu haqda kecha, 10 oktyabr kuni “Foreign Policy” jurnali xabar berdi. Unda Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchukning Ukraina infratuzilma ob’ektlarida sodir bo‘lgan portlashlardan so‘ng AQSH Kongressiga yuborgan maktubi keltirilgan.
Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Kiyev AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatidan “o‘zini tiyishdan voz kechishni” va 200 milya (322 km) masofadagi ob’ektlarni urib tushira oladigan Atacms raketalarini yetkazib berishni so‘ragan.
Stefanchukning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ham Ukrainaga NASAMS zenit-raketa komplekslarini yetkazib berishi kerak. Bundan tashqari, Kiyev Vashingtondan MQ-1C Gray Eagle uchuvchisiz uchish apparatlari hamda F-15 va F-16 jangovar qiruvchi samolyotlarini talab qilgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden 10 oktyabr kuni ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Vashington Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish, jumladan, zamonaviy havo mudofaa tizimlari yetkazib berishni davom ettirish niyatida ekanligiga ishontirdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol, Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 14 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, energetika va aloqa ob’ektlariga ommaviy zarba berilganini e’lon qildi.
Live
Barchasi