Ukraina havo hujumiga uchradi
Olam
−
26 may 2023
11717Ukraina Kiyev, Dnepr va sharqiy viloyatlarga bir kecha-kunduzda uyushtirgan hujumlarda Rossiya tomonidan uchirilgan 10 ta raketa va 20 dan ortiq uchuvchisiz samolyotlarni urib tushirdi. Bu haqda bugun, 26 may kuni Ukraina rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina harbiy-havo kuchlari kecha, 25 may kuni soat 22:00 atrofida boshlangan hujumlar davomida Kaspiy dengizidan uchirilgan 10 ta raketani, Eronda ishlab chiqarilgan 23 ta Shahed droni va ikkita razvedka samolyotini urib tushirgan. Umumiy hisobda Ukrainaga 17 ta raketa va 31 ta dron uchirilgan. Hujum bugun, 26 may kuni ertalab soat 5:00 gacha davom etgan.
Shuningdek, bir nechta uchuvchisiz samolyotlar va bir nechta raketalar Xarkov va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi nishonlarga zarba bergan.
“Bu juda og‘ir kecha edi. Shovqinli edi – dushman raketalar va uchuvchisiz samolyotlar bilan mintaqaga ommaviy hujum uyushtirdi. Dnepr jabr ko‘rdi”, deydi Dnepropetrovsk viloyati gubernatori Sergey Lisak Telegram-kanalida.
Lisakning aytishicha, bir qancha uylar, avtomobillar va xususiy kompaniyalar, jumladan transport kompaniyasi va yoqilg‘i quyish shoxobchasi zarar ko‘rgan. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi ishchisi jabrlangan.
Kiyev rasmiylari esa savdo majmuasi, xususiy uy va bir nechta mashinaning tomi shikastlanganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Xarkov viloyati gubernatori bir qancha xususiy uylar va sanoat ob’ektlariga zarar yetganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Xarkov shahri chekkasida neft ombori ikki marta portlashi ortidan yong‘in kelib chiqqan va neft mahsulotlarini quyish uskunasi shikastlangan.
Ta’kidlash joizki, Rossiya joriy oyda Ukrainaga raketa va dron hujumlarini kuchaytirib, asosan, Ukrainaning kutilayotgan qarshi hujumidan oldin logistika va infratuzilma ob’ektlariga hujum qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 may kuni Ukraina Rossiya tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumlarda Eronda ishlab chiqarilgan 36 ta dronning barchasini urib tushirganini e’lon qilgandi. Shu kuni Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi