Endi Ukraina ham o‘z ballistik raketalariga ega bo‘ladi
Olam
−
10:36 2122 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Patriot tizimiga muqobil bo‘ladigan raketalarga qarshi mudofaa tizimini ishlab chiqish bo‘yicha yil oxirigacha “aniq natijalar”ga erishishni istayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Zelenskiy kecha, 6 avgust kuni Kiyevda Ukraina raketa dasturlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Uning aytishicha, Ukraina 2026–2027-yillarda o‘zining ballistik raketalari va raketalarga qarshi mudofaa imkoniyatlarini rivojlantirishda zarur natijalarga erishishni maqsad qilgan. Shuningdek, Zelenskiy mamlakatda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun zarur ilmiy baza va tajriba mavjudligini qayd etgan.
“Ukraina o‘z raketasi va qurilmasini ishlab chiqarishga qodir, hamkorlarimiz esa zarur komponentlar va muhim elementlar – radarlar, sensorlar va boshqa kerakli jihozlarni taqdim etadi. Boshqalar o‘z tizimlarini ishlab chiqishga o‘nlab yillar sarflagan. Ukraina esa buni imkon qadar tez amalga oshirishi kerak. 2026–2027-yillar chegarasiga kelib, aniq natijalar bo‘lishi zarur”, degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda Ukrainaning ballistik raketa dasturiga tayyorgarlik va FREYJA raketalarga qarshi mudofaa dasturini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Unda loyihalar uchun zarur talablar, bajarilgan bosqichlar va ishlarni tezlashtirish muddatlari ko‘rib chiqilgan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, ushbu ishga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, Bosh vazir, Mudofaa vazirligi, Tashqi razvedka xizmati, Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi, Brave1 mudofaa texnologiyalari tashabbusi hamda mahalliy mudofaa kompaniyalari jalb qilingan.
Loyihadagi asosiy muammolar qatorida muhim komponentlarga kirish, xalqaro hamkorlar bilan texnologik hamkorlik va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish qayd etilgan.
Ukraina hujum qurollari yo‘nalishida ham o‘z ballistik raketalarini ishlab chiqmoqda. Zelenskiy sinovlar ularning yuqori salohiyatini ko‘rsatganini, endilikda esa mavjud ishlanmalarni haqiqiy qurolga aylantirish kerakligini ta’kidlagan.
FREYJA dasturi bo‘yicha esa Ukraina Yevropadagi hamkorlar bilan ishlamoqda. Zelenskiyning aytishicha, Norvegiya vakillari ham dasturda ishtirok etmoqda. U Norvegiyaga havo mudofaasi tizimlari bo‘yicha yordam berishga tayyorligi va tegishli ballistik raketalarga qarshi imkoniyatlarga ega davlatlar bilan hamkorlik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga aniq zarbalar berish uchun nishonlar ro‘yxati yangilanganini ma’lum qilgan edi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust