Ukrain tilida qo‘shiq kuylagan qiz “Ovoz” loyihasini tark etdi
Madaniyat-san’at
−
07 may
38508Davlat tomonidan moliyalashtirilgani ortidan katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Ovoz” loyihasi yana e’tibor markaziga tushdi. Unda ukrain tilida qo‘shiq kuylagan qizga to‘rtta hakamdan birontasi ham qayrilib qaramagani noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Gap shundaki, qiz tanlovdagi chiqishida taniqli ukrainalik xonanda Kristina Soloviyning mashhur “Trimay” qo‘shig‘ini kuylagan. Ijro davomida hakamlar o‘zaro qo‘shiqning qaysi tilda ekanligi haqida suhbatlashgan. Qo‘shiq tugagandan so‘ng, Ozodbek Nazarbekov qizdan qaysi tilda kuylaganini, Sevara Nazarxon esa, qo‘shiq eski yoki bugungi kunda yozilganini so‘ragan.
Tanlovning qoidasiga ko‘ra, ijroni yoqtirgan hakam o‘z kursisini xonanda tomonga o‘girishi kerak. San’atkorlar qo‘shiq ularga juda yoqqanini aytganiga qaramay, ular qiz tomonga qarashmagan. Shu sababli ham u tanlovni avtomatik ravishda tark etdi.
Shundan so‘ng, kuzatuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqeaga salbiy munosabat bildirib, post qoldira boshladi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Hakamlar qo‘shiq ukrain tilida bo‘lgani uchun hayiqdi. Shu sabab ijrodan so‘ng, qo‘shiqning eski yoki yangiligini so‘rashdi”, degan fikrlar ham ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, qo‘shiq ostida “Bu qiz fonogramma aytadigan ba’zi xonandalardan yaxshi kuyladi”, “Estradamizda shunday aytadiganlar bormi? Yana nima qilib berishi kerak, tushunmadim?”, "Ajoyib kuyladi, hakamlar uni eshitmadi”, kabi izohlar qoldirilgan.
Qo‘shiqda shunday jumlalar bor:
“Uyimning o‘rtasida siz menga baqirasiz,
Axir yuragingizdagi dog‘larni qanday o‘chirasiz?
Men esa asirlikda – qo‘rquv ichida,
Kaftingizdagi qush kabi qanotimni yoza olmayman”.
Qayd etish kerakki, qo‘shiq ukrain tilidan tarjima qilganda, “tirik suv” degan ma’noni anglatadi va sevgi haqida hikoya qiladi. U Kristina Soloviy tomonidan 2015 yilda ijro etilgan. Qo‘shiqning so‘zlari va musiqasini xonandaning o‘zi yozgan. U YouTube’ga joylangandan so‘ng, bir necha kun ichida bir milliondan ortiq izoh to‘plagan, bir oy ichida 18 million martadan ortiq ko‘rilgan. Bu uni Ukrainaning eng mashhur 10 ta kliplaridan biriga aylantirgan.
LiveBarchasi