Xalq pulini mashshoqlarga sochayotgan vazirlik: Madaniyatning kuni kimlarga qoldi?
Tahlil
−
23 aprel
53988Xalqda “Mashshog‘i ko‘p yurtning qashshog‘i ko‘p bo‘ladi” degan eski gap bor. Bu gap eskidir, ammo dunyo allaqachon samoni egallayotgan, raketalar tinimsiz parvoz qilayotgan, uchuvchisiz uchoqlar hayratda qoldirayotgan, innovatsion texnologiyalar milliardlab pullarimiz evaziga tashqaridan kirib kelayotgan bir vaqtda O‘zbekistonda yana millionlab pullar o‘yin-kulgi, bazm-jamshid, to‘y-hashamga sarflanyapti. Bunday tadbirlar boshida esa yana Madaniyat vazirligi turibdi.
Vazirlik tashabbusi bilan tashkil etilgan “Artist” loyihasini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Qanchadan qancha vaqt va xarajatni talab qilgan ushbu loyiha yakuniga yetdimi, unga sarflangan pul, unda olib chiqilgan iste’dodlar haqida aniq hisobotlar mavjud emas. Vazirlik esa bir loyiha tugamasidan ikkinchisini boshladi. Bu "Ovoz" loyihasi. U necha 10 yillarkim o‘zimizdagi Sevara Nazarxonni o‘zimizga qayta kashf qilib bergan "Golos"ning o‘zbekcha varianti. Loyiha uchun davlat byudjetidan kattagina mablag‘ ajratilgan. Vazirlik ta’mirtalab teatr, kutubxona va istirohat bog‘lari qolib, bu kabi shoularga milliardlar sarflashi qanchalik to‘g‘ri? Soliq to‘lovchilar byudjet pullarining shu tariqa ishlatilishiga qanday qaraydi?
Davlat byudjetiga ikki milliard so‘mga tushgan loyiha
Bir necha kun avval Madaniyat vazirligi “Ovoz” televizion loyihasi uchun byudjetdan qariyb 2 milliard so‘m mablag‘ ajratdi. Bu faqat gonorar uchun to‘lanadigan puldir. Shartnomada keltirilishicha, teleloyihada qatnashuvchi 3 nafar ustoz uchun oyiga 38 mln so‘mdan jami 684 mln so‘m, 1 nafar badiiy rahbar uchun oyiga 57 mln so‘mdan jami 342 mln so‘m, 1 nafar musiqa direktori uchun 38 mln so‘mdan, 228 mln so‘m hamda 6 nafar sozandaga 14,5 mln so‘mdan jami 522 mln so‘m to‘lanadi. G‘olibga KIA avtomobili sovg‘a qilinadi, kimning hisobidan ekani esa noma’lum.
Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi bilan, Madaniyat vazirligi darhol munosabat bildirdi. Vazirlikning iddao qilishicha, “Ovoz” loyihasidan O‘zbekistondagi iqtidor egalarini qidirib topish, ularga iste’dodini yuzaga chiqarish uchun imkoniyat yaratish, “ustoz-shogird” an’anasini mustahkamlash kabi maqsadlar ko‘zlangan.
“…Madaniyat vazirligi tomonidan rejalashtirilgan mazkur xarajatlar teleloyihani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarning 30 foizini tashkil etadi”, deyiladi bayonotda.
“Ovoz” shousining hakamlari orasida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham bor. Boshqa mamlakatlarda bu kabi loyihalar xususiy tashkilotlar, prodyuserlik kompaniyalari tomonidan tashkil etilsa, O‘zbekistonda shaxsan Madaniyat vaziri boshchiligida amalga oshirilmoqda. Bir oy avval o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” teleloyihasini qo‘llab-quvvatlashining sababini quyidagicha tushuntirgan edi:
“Madaniyat vazirligining bu loyihada ishtirok etishining eng katta sabablaridan biri loyiha hamma joyda ham o‘zini oqlab, hamma joyda ham yashab ketgani yo‘q, qaysidir hududlarda muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, bu loyihaga birdan kelishim qoqilsa oyoqqa qo‘yish uchun. Bir yil, ikki yilda o‘zini eplab ketishiga ishonamiz, lekin shungacha qaysidir ma’noda davlat sifatida loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida yonida turishni maqsad qilganmiz”.
Undan oldingi “Artist” teleloyihasi ham aynan Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Vazirlik loyiha uchun qancha mablag‘ ajratgani bo‘yicha hisobot ham, ma’lumot ham bermagan. Bizga faqat shunisi ma’lumki, g‘olib bo‘lgan uch nafar ishtirokchiga litsenziya bilan birgalikda vazirlik tomonidan prodyuserlarga biriktirilgan holda, ularning mualliflik qo‘shiqlarini yozishida, kliplar suratga olishida, gala konsertlarda ishtirok etishida ham moddiy, ham ma’naviy tarzda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Xalqaro toifadagi madaniyat va san’at menejeri, Dunyo musiqasi bo‘yicha ekspert Husniddin Ato Madaniyat vazirligining teleloyihaga sarmoya kiritishiga tanqidiy fikr bildirdi.
“Bu Madaniyat vazirligining ishi emas. Agarda kimdir “Ovoz” kabi loyihalarni vazirlik qo‘llab-quvvatlashi uchun 10 ta sabab topib aytsa, ularning barchasini inkor etuvchi dalil keltirib, bundan muhim bo‘lgan boshqa 10 ta masalani keltirib o‘tishim mumkin. Madaniyat vazirligi ayni sharoitda e’tiborini, vaqtini shouga tikishi noo‘rin, O‘zbekiston madaniyatiga mas’ulman degan tashkilot uchun ayni kunda bu yigirmanchi darajadagi masala", deydi Husniddin Ato.
QALAMPIR.UZ sayti “Ovoz”, “Artist” loyihalari uchun byudjetdan mablag‘ sarflanishiga aholining munosabatini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda ishtirok etganlarning 95 foizi mazkur shoularga davlat tomonidan pul ajratilishiga qarshi ekanini bildirgan.
“Tashqi qarzimiz va ichki muammolarimiz yetarlicha. Bunday vaqtda davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan “Artist, “Ovoz” teleloyihalari kimga kerak?” deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
Yana bir qatnashuvchi esa o‘zbek xalqining azaliy muammosini esga olgan:
“Xalq o‘zining yonidan ko‘chasi asfalt bo‘lishi uchun pul to‘playotgan bir paytda bu loyihalar umuman keraksiz”.
Shu o‘rinda savol: nima uchun hofizlarni izlab topishga, ularni “ko‘tarishga” xalqning pullari sarflanmoqda? Necha yillardan buyon soliq to‘lamay keladigan mashshoqlar davlat byudjetiga qanday foyda keltirdiki ularni qo‘llab-quvvatlash uchun buncha mablag‘ ajratilsa? Xalqning pullari evaziga ko‘tarilgan san’atkor to‘ylarda xizmat evaziga minglab dollar olib, yana xalqning pullarini shilishda davom etadimi?
Havoga sovurilayotgan byudjet pullari
Madaniyat vazirligi davlat byudjetidan eng ko‘p mablag‘ oluvchi TOP-10 vazirlik qatoriga kiradi. 2023 yilda vazirlikka byudjetdan 819,7 milliard so‘m, 2024 yilda esa 1,1 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
O‘zbekistondagi hech qaysi vazirlik byudjetdan ishlatilgan pullarning hisobotini bermaydi. Jamoatchilik faqat elektron xaridlar portalida tuzilgan shartnomalardangina xabardor bo‘lib turishi mumkin. Qilingan xaridlar bo‘yicha eng ko‘p muhokamalar ostida qoladigan vazirlik – bu, shubhasiz, Madaniyat vazirligi.
2022 yilda vazirlik tomonidan 15,5 milliard so‘mga “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan ikkita maxsus avtotransport vositasi sotib olindi. E’tirozlarga javoban, vazir Ozodbek Nazarbekov qo‘shnilarimizda ham bunday mashina yo‘qligini aytib maqtandi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida esa madaniyat va san’at sohasi vakillari haqida ma’lumotni o‘zida jamlovchi yangi portal uchun qariyb yarim milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Madaniyat vaziri qabul qilgan buyruqda xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, o‘tgan yili madaniyat sohasi vakillari uchun uy-joy sotib olishda subsidiya beruvchi qaror ishlab chiqildi. Qarorga ko‘ra, madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida (biroq hisoblangan ma’lum miqdordan yuqori bo‘lmagan qiymatda) subsidiya beriladi. Mablag‘ mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi aytildi.
Hujjat hali kuchga kirganicha yo‘q, ammo uning loyihasi e’lon qilinishi bilan yana keng muhokamalarga sabab bo‘lib ulgurdi. Mol-mulki va boyligi hali deklaratsiyadan o‘tkazilmagan san’atkorlarning soliq to‘lovchilar mablag‘lari evaziga uy sotib olishi ko‘pchilikka xush kelmadi. Garchi vazirlik faqat xonandalar emas, madaniyat xodimlari, san’at vakillari, kutubxonachilarga uy-joy sotib olishda yordam berilishini iddao qilgan bo‘lsa-da, jamoatchilik bu gaplarga ishonmadi. Harqalay, Madaniyat vazirligi korrupsiyadan holi tashkilot emas. 2020 yilda Senat Raisi Tanzila Norboyeva Madaniyat vazirligida 12 milliard so‘m pul mablag‘lari talon-toroj qilingani haqida ma’lumot bergan.
Tuturiqsiz tadbirlar
2013 yildan Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan “E’tirof” yil tanlovini o‘tkazish boshlangan edi. 2017 yilda tanlov to‘xtatildi, 2018 yildan boshlab yangi – “Ehtirom” tanlovi tashkil etildi. 2021 yilga kelib “Ehtirom” mukofotlash tadbiri ham to‘xtatildi. 2022 yildan yana “E’tirof” tanlovini o‘tkazish qayta yo‘lga qo‘yildi.
Umuman olganda, madaniy hordiq o‘zbekistonliklar uchun qimmatga tushmoqda. Yilda bitta tanlovni o‘tkazishni eplolmagan vazirlik 2021 yildan buyon har yili sentyabr-oktyabr oylarida Toshkentda “Ipak yo‘li durdonasi” xalqaro kinofestivalini o‘tkazib kelmoqda. Kinofestivalga tashrif buyuruvchi nufuzli mehmonlarning yo‘l va mehmonxona xarajatlari, oziq-ovqati ham hotamtoy o‘zbek xalqining bo‘ynida.
O‘tgan yilgi kinofestivalga Rossiya propagandasi bilan faol shug‘ullanib kelayotgan rossiyalik ko‘plab san’atkorlar taklif etilgani jamoatchilik vakillari va ziyolilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Toshkent kinofestivalida yuksak hurmat bilan qarshi olingan aktrisa – Natalya Varley o‘z yurtiga qaytib borganidan so‘ng “Empatiya Manuchi” kanaliga intervyu berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SSRning tugatilishi tarixning eng katta xatosi bo‘lgan, MDH mamlakatlarini esa hozir “sariq podshohchalar” boshqarmoqda. 2022 yilgi kinofestivalda esa Burak Ozchivit va Nurgul Yeshilchay xurmacha qiliqlar ko‘rsatgan edi.
Kinofestivalga byudjetdan qancha mablag‘ ajratilayotganini rasmiylar ochiqlamagan. Shunisi ma’lumki, kinofestival davomida ma’lum yo‘nalishdagi film ijodkorlari diplom, ramziy haykalcha va 20 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan 5 ta pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, Osiyo va Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivali o‘tkazilib, g‘oliblarga jami 32 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti beriladi.
Madaniyat vazirligining “yetim” tashkilotlari
Madaniyat vazirligi faqat qo‘shiqchi-yu qiziqchilar qatnashadigan tadbirlar emas, respublikadagi kutubxonalar, hayvonot bog‘lari, istirohat parklari uchun ham javobgardir. Kunlar isib, dam olish maskanlariga keluvchilar soni ortadigan mavsum boshlanmoqda. Istirohat bog‘lari mavsumga tayyormi?
Vazirlik mutasaddilari xushovoz xonandalarni qidirib yurgan bir paytda, chekka tumanlardagi bog‘lar ayanchli ahvolda, kimsa qadam ranjida qilmaydigan joyga aylanib ulgurgan. Buni aholining parklarni ta’mirlash maqsadida Ochiq byudjet orqali ovoz to‘playotganidan ham bilish mumkin. Yaqinda tarmoqlarda tarqalgan ayanchli videotasvirni olaylik: Termiz hayvonot bog‘idagi ayiqlar ozib-to‘zib, kuchukka o‘xshab qolgan. Kutubxonalarga kirib, o‘zbek tilidagi ilmiy kitoblarni topolmaysiz, javonlarda SSR zamonidan qolgan kitoblar taxlanib turadi. Chekka hududlarda ishlaydigan sho‘rlik kutubxonachilar ostona xatlab kirgan kishiga kitob berish o‘rniga “Uyingizda kitoblar bo‘lsa, bizga bering”, deya ularning o‘zidan kitob so‘raydi.
Serxarajat vazirlikka qarashli madaniyat muassasalari, teatr, kutubxona xodimlari respublika bo‘yicha eng kam maosh oladigan toifaga kiradi.
Madaniyat vazirligiga tegishli tashkilotlarda o‘rtacha maosh quyidagicha:
Sirk va teatrlarda:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 3 mln 144 ming so‘m;
badiiy rahbar xodimlar – 3 mln 513 ming so‘m;
teatr artistlari – 2 mln 379 ming so‘m.
Konsert tashkilotlari va saroylarda:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 2 mln 824 ming so‘m;
Badiiy rahbar xodimlar – o‘rtacha 2 mln 680 ming so‘m;
Musiqa va raqs jamoalari – 1 mln 759 ming so‘m.
Hayvonot bog‘larida:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 3 mln 84 ming so‘m;
Ilmiy ijodiy xodimlar – 2 mln 930 ming so‘m;
Boshqa xodimlar – 2 mln 145 ming so‘m.
Muzeylarda:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 3 mln 731 ming so‘m;
Boshqa xodimlar – 2 mln 524 ming so‘m.
Madaniy-ma’rifiy muassasalarda:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 2 mln 932 ming so‘m;
Ijodiy xodimlar – 2 mln 932 ming so‘m;
Boshqa xodimlar – 1 mln 786 ming so‘m.
Davlat arxivlarida:
Ma’muriy-boshqaruv xodimlar – 2 mln 279 ming so‘m;
Ilmiy xodimlar – 2 mln 423 ming so‘m.
“O‘zbek madaniyatining eng katta dushmani”
O‘tgan yilning noyabr oyida 2024 yil uchun mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasi e’lon qilinganda O‘zbekiston jamoatchiligi Madaniyat vazirligiga katta miqdorda mablag‘ ajratilganidan norozi bo‘ldi. Ko‘pgina ziyolilar Madaniyat vazirligini O‘zbekistonga kerak emas, deb hisoblashini bildirdi.
“Gap Madaniyat vazirligiga kam yoki ko‘p pul ajratilishi haqida emas, vazirlik to‘liq tugatilishi haqida ketishi kerak. Kutubxonalar, teatrlar, muzeylar to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirilishi kerak. O‘g‘ri va parazitlar orqali emas”, deb yozdi X (Twitter) dagi sahifasida iqtisodchi Otabek Bakirov.
Uning fikriga javoban taniqli kinorejissyor Sarvar Karimov Madaniyat vazirligini o‘zbek madaniyatining dushmani deb atadi:
“O‘zbek madaniyatining eng katta dushmani – bu Madaniyat vazirligi”.
Bundan to‘rt yil avval vazir Ozodbek Nazarbekovning o‘zi Madaniyat vazirligining faoliyati faqat tadbirbozlikdan iborat bo‘lib qolganini aytgan edi. Mana oradan to‘rt yil o‘tdi, bu vaqt ichida tadbir-u shoular ko‘paygandan ko‘paydiki, kamaymadi. Vazirning o‘zi esa hali "Artist", hali "The Cover up kids" hali "Ovoz"da hakamlik qilib o‘tirishdan ortmayapti. Ta’mirtalab kinoteatrlar, teatrlar, istirohat bog‘lari, madaniy ko‘ngilochar markazlar vazirlikning birgina e’tiboriga muhtoj ahvolda. San’at va madaniyat faqat shirali ovozdan, qarsak-u tadbirbozlikdan iborat emasligini Madaniyat vazirligining o‘zi qachon anglab yetadi? Hofizlarning xonishidan biroz bosh ko‘tarib, mamlakatdagi real vaziyatga qarash vaqti qachon keladi?
LiveBarchasi