Uxan sirlari: Xitoy JSSTdan muhim ma’lumotlarni yashiryapti

Olam

image

Xitoy Uxan shahrida bo‘lib turgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislariga COVID-19 infeksiyasining dastlabki holatlari to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi. Bu haqda JSST mutaxassislariga asoslanib xabar berilgan. 

"Ular bizga bir nechta misollar keltirdi, ammo yetarli emas", degan JSST mikrobiologi Dominik Duayer. 

"Men olimman va ma’lumotlarga ishonaman. Ma’lumotlarga asoslangan hujjatli dalillarga ishonaman, shunchaki kimningdir aytganlariga emas", degan daniyalik epidemiolog Tea Fisher. 

JSST jamoasi a’zolarining fikriga ko‘ra, Xitoy Hukumati va olimlari o‘z tadqiqotlarini o‘tkazgan hamda Uxanda koronavirus tarqalishidan oldingi oylarda COVID-19 holati qayd etilmaganiga ishontirgan. 

Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ushbu tadqiqotlar tasdiqlangan ma’lumotni ko‘rishga ruxsat berilmagan. Bu esa JSST vakillariga virusning Xitoyda qachon va qanday tarqalganini tahlil qilishga imkon bermaydi.

Ta’kidlanishicha, Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligi ushbu ma’lumotlarga izoh berishni xohlamagan. 

Avvalroq, JSST missiyasi Uxanda koronavirus tarqalishiga oid "muhim dalillar"ni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, JSST mutaxassislari 14 yanvar kuni Uxanga yetib kelgan. JSST missiyasi tarkibiga Rossiya, Avstraliya, Daniya, Germaniya, Keniya, Yaponiya, Gollandiya, Qatar, Sudan, Buyuk Britaniya, AQSH va Vetnamdan kelgan mutaxassislar hamda ularning Xitoydagi hamkasblari kiradi.   

Ma’lumot uchun, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy koronavirus

Baholaganlar

295

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing