O‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchi intizomiy jazoga tortildi
Jamiyat
−
29 noyabr
2877
Avvalroq, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida maktab o‘quvchisi informatika o‘qituvchisi tomonidan ayovsiz kaltaklangani xabar qilingandi. Holatni maktab ma’muriyati nazoratga olgan, o‘qituvchining xatti-harakatini qoralab, unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur noxush vaziyat joriy yilning 9 oktyabr kuni soat 13:30 -14:00 atrofida maktab sinf xonasida sodir bo‘lgan. Holat dars xonasidagi kuzatuv kamerasiga tushgan. Unda katta yoshli yigit, o‘quvchi bolaning ortidan kelib, sinf xonada kaltaklaganini ko‘rish mumkin. O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, videotasvirlardagi katta yoshli yigit ushbu maktabning informatika fani o‘qituvchisi M.A. bo‘lib, o‘quvchi esa maktabning 9-sinf o‘quvchisi O.S. dir.
"Aniqlanishicha, o‘quvchi O.S, dars vaqtida o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatgani, o‘quvchilarga darsni o‘zlashtirishda xalaqit berganligi sababli, o‘qituvchi M.A. tomonidan bir necha bor ogohlantirilgan. Shunga qaramay O.S. turli ko‘rakda turmaydigan so‘zlar bilan o‘qituvchini haqorat qilgan. Natijada o‘qituvchi M.A dars tugagach o‘quvchini jazolamoqchi bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzaga kelgan", deyiladi xabarda.
Shundan so‘ng o‘qituvchiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan. O‘quvchining ota-onasi ham maktabga chaqirtirilgan, ogohlantirilgan.
"O‘quvchi O.S sentyabr oyida ham maktabda tartibsizlik qilganligi sababli uning ota-onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan. Ayni paytda, o‘quvchi maktabning ichki nazoratiga olingan o‘quvchilar ro‘yxatida turadi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 noyabr kuni Xorazm viloyatining Shovot tumanida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi 5-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li bilan janjallashgani uchun 7-sinf o‘quvchini maktab oldida kaltaklagan va ortidan tosh otgandi. Holat maktabning kuzatuv kamerasiga tushib qolgan. Pedagogga nisbatan o‘qituvchiga mos bo‘lmagan xatti-harakat qilgani, maktabning ichki tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr