O‘quvchilar maktabni chuqur bilimga ega bo‘lmay bitiryapti. Sabab nima?
Jamiyat
−
28 avgust 2023
5629O‘zbekistonda o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay maktabni bitirmoqda. Buning sababi esa hozirda boshlang‘ich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan o‘tilayotganidir. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
Prezident majlisni o‘qituvchilarni maqtashdan boshlab, so‘ng sohada mavjud muammolarni tahlil qildi.
Jumladan, hozirda boshlang‘ich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan o‘tilayotgani bilan o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay maktabni bitirayotgani qayd etilgan.
“107 ta tumandan talaba bo‘lganlar oliygohga kirish imtihonlarida matematika bo‘yicha maksimal ballning yarmini ham yig‘a olmagan. Fizika, kimyo va biologiya bo‘yicha ham birorta tuman va shaharda maqtagulik natija yo‘q”, deydi Prezident.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Ayniqsa, hozirda talab yuqori bo‘lgan informatika, fizika, ingliz tili, matematika va kimyo fani o‘qituvchilarining bilimi “qoniqarsiz” ekanligi aniqlangan.
Yoki, 51 ming nafar chet tili o‘qituvchilaridan atigi 17 ming nafari (33 foizi) “C-1” darajasiga ega. Vaholanki, 2025 yildan boshlab chet tilidan faqat “S-1” darajasi bor o‘qituvchilar dars o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda jami abituriyentlarning salkam yarmi (49,4 foiz) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 balldan kam to‘plagan abituriyentlarning 70,5 foizi avvalgi yillarda o‘qishni tugatgan bo‘lsa, qolgan 29,5 foizi joriy yilgi bitiruvchilar hisoblanadi.
LiveBarchasi