O‘qituvchilarni tanqid qilishning foydasi yo‘q – AQSH va Rossiyadan moddiy yordam kutayotgan Shermatov

Intervyu

Yaqinda Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisi bo‘lib o‘tgandi. Mazkur majlisda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov QALAMPIR.UZ saytiga 2020 yilda vazirlik tizimida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalarni ochiqladi.

Unga ko‘ra, yil davomida bir nechta yangi loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shulardan biri “English speking nation” deb nomlangan ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish loyihasidir. Hozirda tizimda 33 ming atrofida ingliz tili o‘qituchilari mavjud. Lekin ular ingliz tilini qay darajada biladi, degan savol qiyin savol ekanini ta’kidladi Shermatov.

“Endi ularni tanqid qilishning foydasi yo‘q. Undan ko‘ra yangi loyihalar uchun AQSHdan grant oldik, Buyuk Britaniyaning “British Council” tashkiloti bilan ham hamkorlik qilmoqdamiz. O‘qituvchilar uchun alohida malaka oshirish kurslari tashkillashtiramiz. Kurs yakuniga yetgach, juda ko‘plab o‘qituvchilarga  “TESOL” xalqaro sertifikati (ingliz tili darajasini belgilovchi) beriladi. Bu sertifikatni olgan o‘qituvchi dunyoning istalgan rivojlangan davlatida ingliz tili fanidan dars bera oladi.

Biroq o‘qituvchi ushbu sertifikatga o‘zi ega bo‘lmoqchi bo‘lsa, kamida 1500 AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflashi kerak bo‘ladi. Biz o‘qituvchilarga tekinga bu imkoniyatni qilib beramiz.

Shuningdek, ular sertifikatini olishi bilan chetga ketib qolishining oldini olish uchun shartnoma tuzamiz. Ular tizimimizda kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘ladi. Ingliz tili o‘qituvchimizning bilimi yaxshi bo‘lsa, o‘quvchilarimizning ham bilimi yaxshi bo‘ladi. Shundagina boshqa sohalarni rivojlantirish mumkin”, deydi Xalq ta’limi vaziri.

U yana rus tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish uchun Rossiya Federatsiyasidan yordam olish masalasida muzokaralar ketayotganini aytdi. Vazirlik tizimida 30 mingdan ortiq rus tili o‘qituvchilari borligi, ularning  malakasini oshirishga yaxshigina mablag‘ jalb qilish zarurligini tushuntirdi.

“Afsuski aksariyat rus tili o‘qituvchilarining tilni bilish darajasi ham achinarli ahvolda. Ularga xalqaro darajadagi ekspertlar yordam berishi lozim. Rossiyadan mablag‘ ololsak, o‘zimizning byudjet pulimizni boshqa fanlarni rivojlantirishga sarflashimiz mumkin”, deydi Shermatov.

Ma’lumot uchun, British Council – Buyuk Britaniyaning madaniyat va ta’lim sohasidagi xalqaro tashkiloti bo‘lib, dunyoning 100dan ortiq davlatida vakolatxonalari mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Shermatov

Baholaganlar

254

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing