O‘qituvchilarga majburiy mehnatning yangi shakli o‘ylab topildimi? Hilola Umarova holatni o‘rganyapti
Jamiyat
−
24 mart 2023
14207Ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda ba’zi o‘qituvchilarga “Open budget” (“Tashabbusli byudjet”) loyihasida ovoz yig‘ish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, bundan bosh tortganlarga tahdid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Holatga O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova izoh berdi.
Uning ma’lum qilishicha, mazkur holat vazirlik tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda. Ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga o‘qituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.
“Ushbu portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarini ta’mirlash ishlari ham yetakchilik qiladi. Albatta, ushbu jarayonda o‘qituvchilar, o‘quvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus ko‘rsatib, o‘zlari mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan ta’lim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus ko‘rsatmoqda. “Tashabbusli byudjet” loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi!” deb yozadi Umarova.
Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga ko‘ra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishini eslatib o‘tgan.
“Agar sizning ta’lim maskaningizda o‘qituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yig‘ishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71-202-09-09 ga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yo‘nalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli mas’ul xodimlarga zarur ta’sir choralari ko‘riladi”, deb yozadi vazir o‘qituvchilarga murojaat qilib.
Bundan tashqari, Umarova yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ma’qullanganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Unda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan jazo nazarda tutilmoqda. Ya’ni pedagog xodimni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda”, deya ta’kidlagan vazir.
So‘zining yakunida u maktab rahbarlaridan o‘qituvchilarning kasbiy huquqlari davlat nazoratida ekanligini, ularni majburiy mehnatga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligini unutmaslikni so‘ragan.
LiveBarchasi