O‘qituvchilarning maoshi ish stajiga qarab oshiriladimi? (video)
Jamiyat
−
30 avgust
10242Hozirda o‘qituvchilar ish haqini stajga ko‘ra oshirib borish bo‘yicha hech qanday reja yo‘q. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
U anjuman davomida o‘qituvchilarni rag‘batlantirish va ularga haq to‘lash bilan bog‘liq qator masalalarga to‘xtaldi. Komilovga ko‘ra, bugungi kunda oliy, birinchi, ikkinchi toifali 545 ming o‘qituvchi bor. Ular orasida 10 yil ishlagan ikkinchi toifali, 25 yil ishlagan o‘rta-maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar ham mavjud. “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining dastlabki ko‘rinishida o‘qituvchilar maoshi ish stajiga ko‘ra oshib borishi nazarda tutilgan edi. Ammo keyinchalik qonunning bu bandi chiqarib yuborildi.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, oldin o‘qituvchilar toifa olishi qiyin va korrupsiya elementlari bor edi. Uni 5 yilda bir marta olish mumkin bo‘lgan, lekin hozir pedagoglar har yili toifasini oshira oladi. Shuning uchun, bugungi kunda pedagogik yo‘nalishda oliy ta’limni bitirgan talaba 3 yilda oliy toifaga chiqishi mumkin. Oldingi davrda bunga 15 yil kerak bo‘lgan.
Bundan tashqari, Temur Komilov sertifikat, har bir fan bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama berish mexanizmi ishlanayotganini ma’lum qildi.
“Asosiy maqsad hisoblangan stajga nisbatan rag‘batlantirishdan ko‘ra, yaxshi, munosib, bilimli va pedagogik mahoratga ega o‘qituvchini ko‘proq rag‘batlantirish”, dedi u.
Shuningdek, uning qayd etishicha, pedagogik staj o‘qituvchiga yaxshiroq mablag‘ to‘lash yoki rag‘batlantirishga asos bo‘lolmaydi. “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining dastlabki ko‘rinishida o‘qituvchilar maoshi ish stajiga ko‘ra oshib borishi nazarda tutilgan edi. Ammo keyinchalik qonunning bu bandi chiqarib yuborildi.
Temur Komilovning qo‘shimcha qilishicha, pedagog olis hududga borganida o‘sha yerda ishlagan stajiga qarab ustama to‘lanadi. Ish stajiga ega bo‘lmaganlarga 10 foiz, staji 5 yildan oshganlarga 50 foiz ustama to‘lanadi. Bu olis hududlarga pedagoglarni jalb qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, maktab va bog‘chalarda ota-onalardan majburiy fond puli yig‘ilishi taqiqlanishini aytgandi.
LiveBarchasi