“Open budget”dagi loyihalar soni keskin kamayib ketmoqda
Tahlil
−
22 avgust
5175“Tashabbusli byudjet”da qatnashish istagi bildirilgan loyihalar soni yildan yilga kamayib ketmoqda. QALAMPIR.UZ tahliliga ko‘ra, mazkur tizim ishga tushgan ilk yillar, masalan, 2022 yildan bugungi kunga qadar ishtirokchi loyihalar soni 62 foizga qisqarib ketgan.
Bunda “Tashabbusli byudjet”ning 2022 yilning 1 mavsumida 69 ming 699 ta tashabbuslar kelib tushgan. Ammo loyihalar soni xuddi shu yilning 2-mavsumida 61 mingtaga tushib qolgan.
2023 yida ham “Tashabbusli byudjet”da ishtirok etish uchun topshirilgan arizalar har mavsumda 6 mingdan oshiqqa kamayib boravergan. 1-mavsumda 55 ming, 2-mavsum 49 ming.
Joriy yilda ham keskin pasayish davom etdi. Masalan, 1-mavsumdagi topshirilgan loyihalar soni 35 mingtadan oshiqni tashkil qilgan bo‘lsa, ikkinchi mavsumda 27 mingtaga tushib ketdi.
Xo‘sh, bu O‘zbekiston aholisining “Tashabbusli byudjet”ga bo‘lgan ishonchi borgan sari kamayayotganini bildiradimi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligining Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Azimjon Hasanov “yo‘q!” deb javob berdi.
“To‘g‘ri, dastlabki yillarda raqamlar 69 mingdan ortiq edi. Ammo dastlabki yillarda 69 mingta arizadan 48 foizi saralash bosqichiga o‘ta olgan. Ya’ni shakllantirilgan loyihalarning deyarli yarmi o‘shanda sifatsiz, bir-birini takrorlovchi va kamchiliklarga ega loyihalar bo‘lgan. Keyingi yildan boshlab esa 61 ming loyihaning 61 foizi, 55 ming loyihaning 60 foizi hamda 49 ming loyihaning 68 foizi, 35 ming loyihaning 82 foiz va oxirgi mavsumda 85 foiz loyihalar saralash bosqichiga o‘tgan. Bundan ko‘rinadiki, topshirilayotgan loyihalarning soni kamayayotgan bo‘lishi mumkin, lekin saralash bosqichiga o‘tkazilayotgan loyihalar ko‘lami ortib bormoqda”, dedi Hasanov.
Uning aytishicha, endilikda odamlar qanday loyihalar tanlovda qatnasha olishini to‘liq anglab yetgan. Shuningdek, ayrim mahallalar bir necha takliflar bilan emas, bitta taklif bildirish orqali unda g‘olib bo‘lish osonligini tushungan.
“Agar O‘zbekistonda jami 9447 ta mahalla mavjud bo‘lsa, ularning hammasi o‘z loyihasi bilan ishtirok etmoqda. To‘g‘ri, ayrim mahallalar ikki-uchta taklif kirityapti, ammo ko‘pi faqat bitta taklif bilan cheklanmoqda. Bitta loyiha kiritamiz va unga hammamiz ovoz berib, g‘olib bo‘lamiz, deyishmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi