Endi “Open budget”da ish sifatini mahallalar baholaydi
Jamiyat
−
23 fevral
4467Joriy 2024 yilning 1 aprelidan boshlab “Tashabbusli byudjet”da tasdiqlangan loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina qabul qilinadi hamda foydalanishga topshiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida aytib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga “Tashabbusli byudjet” doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan ma’lumotlar olish, mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish huquqi beriladi.
Ushbu bandlarning ijrosini ta’minlash esa Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev zimmasiga yuklatildi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat va mahalliy byudjetlarning daromadlari hamda amalga oshirilgan, rejalashtirilayotgan xarajatlar haqida yillik va yarim yillik hisobotlarni aholi tushunishi uchun oson usulda e’lon qilib borish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, loyihalar tanlovining o‘tgan yil so‘nggi mavsumida umumiy hisobda 1007 ta mahalladan 1182 ta loyiha g‘olib deb topilgandi. Ular uchun ajratilgan byudjet esa 1 trillion 308 milliard 645 million 965,5 ming so‘mni tashkil qilishi aytilgandi.
LiveBarchasi