O‘qishni “perevod” qilgan talabalarning qariyb 90 foizi o‘tish balini ham to‘play olmadi
Jamiyat
−
25 avgust 2023
6909Joriy yil o‘qishni xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan test imtihonlarida jami 41 122 nafar talabgor ishtirok etdi. Ammo ularning 89,2 foizi o‘tish uchun belgilangan minimal 56,7 balni ham yig‘olmagan. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, test sinovida ishtirok etgan 41 ming 122 nafar talabgorning 4 433 nafari (10,8 foiz) talabni bajargan bo‘lsa, 36 689 nafari (89,2 foiz) talabni bajara olmagan. Shulardan, 78 nafari imtihon hududiga kirishda, 75 nafari esa test jarayonida tartib-qoidani buzgani uchun sinovdan chetlatilgan.
Ma’lumot uchun, alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar OTMlar tomonidan, test sinovlari esa Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda jami abituriyentlarning salkam yarmi (49,4 foiz) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni ham to‘play olmagan.