O‘g‘liga noodatiy ism qo‘ygan ona qamaldi
Olam
−
08 avgust 22234 2 daqiqa
Norvegiyada Kirsti Larsen ismli ayol yangi tug‘ilgan o‘g‘liga “Gesher” deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgani uchun qamoqqa tushdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Larsen 13-farzandini dunyoga keltirishidan avval tushida bir ovozni eshitgan. Unda o‘g‘liga ingliz tilidagi “Bridge” – “ko‘prik” deb ism qo‘yish tavsiya qilingan. Shundan so‘ng u ushbu so‘zning ibroniycha varianti “Gesher”ni tanlagan.
Mutasaddilar ushbu ism g‘ayrioddiy ekani, o‘g‘il bolalarga qo‘yiladigan ismlar orasida keng tarqalmagani va boshqa familiyaga o‘xshashligini ta’kidlagan.
Norvegiya qonunchiligiga ko‘ra, bolaning manfaatlariga mos kelmaydigan yoki uning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ismlarni qo‘yish ta’qiqlanadi.
Larsen va uning turmush o‘rtog‘i qaror ustidan shikoyat qilgan, biroq sud ham ularning talabini qanoatlantirmagan. Keyinchalik bolani belgilangan muddatda rasmiy ism bilan ro‘yxatdan o‘tkazmagani uchun oilaga qariyb 1,6 ming norveg kronasi miqdorida jarima solingan. Biroq Larsen jarimani to‘lashdan bosh tortgan.
“Agar jarimani to‘lasak, qandaydir aybni tan olgan bo‘lamiz”, degan u.
Ayolning daromadi bo‘lmagani sababli jarima undirilmagan va jazo ikki kunlik qamoq bilan almashtirilgan. Shunga qaramay, u o‘z qaroridan qaytmagan va o‘g‘lining ismi “Gesher” bo‘lib qolishini qat’iy ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Muhammad ismi 2025 yilda Angliya va Uelsda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar orasida eng ommabop ismga aylanib, uchinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.