Ugandada maktab avtobusi ag‘darilib ketdi. O‘nlab qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 17 iyul kuni Ugandaning sharqiy qismidagi sharsharalarga uyushtirilgan sayohatdan qaytayotgan maktab avtobusi halokatga uchrashi oqibatida kamida 20 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, haydovchi avtobus boshqaruvini yo‘qotgan. Avtobus yirik toshga urilib, yo‘ldan chiqib ketgan va ag‘darilgan. Uganda Ta’lim vaziri Krisostom Muingo fojiadan so‘ng barcha maktab sayohatlari va ekskursiyalari darhol va keyingi xabarga qadar to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, avtobus poytaxt Kampaladagi “King David Junior School” maktabiga tegishli bo‘lgan. U “Sipi Falls” sharsharalariga qilingan sayohatdan qaytayotgan vaqtda Kapchorva tumanidagi Chekvatit qishlog‘i hududida halokatga uchragan.

Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida yana bir nafar katta yoshli kishi vafot etgan. Uch nafar katta yoshli shaxs va bir necha bola turli darajada jarohat olgan.

Nashrga ko‘ra, Ugandada yo‘l-transport hodisalari tez-tez sodir bo‘ladi. Mutaxassislar buni asosan transport vositalarining texnik holati qoniqarsizligi va ko‘chalarda yoritish tizimining yetarli emasligi bilan izohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil oktyabr oyida ham mamlakatning Kampala va Gulu shaharlari o‘rtasidagi asosiy avtomobil yo‘lida avtobus halokati sodir bo‘lib, unda 63 kishi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing