UFC musobaqasi uchun joy topildi
Sport
−
07 aprel 2020
11603Mutlaq janglar chempionati (UFC) prezidenti Dana Uayt UFC 249 musobaqasi xususiy orolda o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda TMZ xabar berdi.
Uayt orolni ikki oyga ijaraga olgani va u yerda har hafta musobaqa o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Orol aynan qayerdaligi ochiqlanmadi.
Ta’kidlanishicha, sportchilar orolga xususiy samolyotlarda keladi. Barcha sportchilar koronavirusga testdan o‘tkaziladi.
UFC 249 musobaqasining sovrinli jangida rossiyalik sportchi Habib Nurmuhamedov va amerikalik Toni Fergyuson bahslashishi kerak edi. Musobaqa 18 aprel kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilishi kerak edi. Biroq shahar karantinga yopilganidan keyin ommaviy tadbirlar bekor qilindi.
Keyinroq Nurmuhamedov Fergyuson bilan jang qilolmasligini, chunki Rossiyani tark etish imkoniyati yo‘qligini bildirdi. Habibning o‘rniga Toni boshqa bir amerikalik Jastin Getji bilan jang qiladigan bo‘ldi. Ular yengil vazn bo‘yicha vaqtinchalik sovrin uchun kurashadi.