UEFA Yevropa ligasi finalidan keyin Joze Mourinoga qarshi sud jarayonini boshladi

Sport

image

UEFA “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourinoning Ispaniyaning “Sevilya” klubiga qarshi Yevropa ligasi final uchrashuvini boshqargan angliyalik hakam Entoni Teylorni haqorat qilgani uchun sud jarayonini boshladi. Bu haqda tashkilot o‘z rasmiy saytida xabar berdi.

Gap shundaki, “Roma” va “Sevilya” o‘rtasidagi final uchrashuvida hakamning bahsli vaziyatdagi qarorlaridan “Roma” futbolchilari, murabbiyi va muxlislari norozi bo‘lgan edi. O‘yindan so‘ng portugaliyalik murabbiy Budapeshtdagi stadionning avtoturargohida hakam bilan uchrashib, uni haqoratlay boshlagan. Hakam mashinaga o‘tirish uchun portugaliyalik murabbiydan uzoqlashganidan keyin “Roma” ustozi mikroavtobusga yaqinlashib: “Tabriklayman, sen sharmandasan”, degan edi.

Shundan so‘ng UEFA Mourinoga nisbatan “o‘yin rasmiysini haqoratlagani uchun” bo‘yicha intizomiy ish ochdi.

Teylor “Roma” futbolchilariga yettita sariq kartochka ko‘rsatdi. Shuningdek, ingliz hakami 75-daqiqada rimliklar darvozasiga penalti belgilamoqchi edi, biroq videotakrordan so‘ng fikrini o‘zgartirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq portugaliyalik mutaxassis final o‘yinidan so‘ng intervyu berib, Entoni Teylorga nisbatan noroziligini bildirdi. Rimliklar bosh murabbiyi hakamning bahsli vaziyatlarda qizil kartochka o‘rniga yengil jazo qo‘llaganini qattiq tanqid qildi. Shuningdek, kecha Budapesht aeroportida Teylor va uning oilasi bilan bir guruh “Roma” muxlislari o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa ligasi Joze Mourin'o UEFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing