UEFA Infantinoni sudga berishi mumkin

Sport

image

Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) FIFA prezidenti Janni Infantinoni sudga berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, UEFA Infantinoga rasmiy xat yo‘llab, FIFA’ning tijorat huquqlarini sotish rejasiga oid barcha hujjat va materiallarni saqlab qolishni talab qilgan.

“UEFA FIFA’ning tijorat huquqlarini sotish rejasi munosabati bilan sud da’vosi qo‘zg‘atish, arbitraj ishlarini boshlash yoki tartibga soluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini faol ko‘rib chiqayotganini rasman ma’lum qiladi. Shu munosabat bilan siz ushbu ishga daxldor barcha hujjat va materiallarni zudlik bilan aniqlab, saqlash choralarini ko‘rishingiz shart. Ushbu bildirishnomadan keyin tegishli materiallarni yo‘q qilish, o‘chirish, yashirish yoki yo‘qolishiga yo‘l qo‘yish – dalillarni yo‘q qilish sifatida baholanishi mumkin”, deyiladi UEFA yo‘llagan xatda.

Avallroq, FIFA yangi tashkil etilgan kompaniyaning taxminan 20 foiz ulushini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish rejasini e’lon qildi. Mazkur kompaniya FIFA’ning ommaviy axborot vositalari va tijorat huquqlarini, jumladan, Jahon chempionatiga oid huquqlarni boshqarishi rejalashtirilgan edi.

OAVlarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu aksiyalarni AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushnerga tegishli investitsiya jamg‘armasi sotib olishi mumkin edi.

Biroq UEFA taklif to‘liq bekor qilinmaguncha, barcha a’zo assotsiatsiyalarga FIFA musobaqalarini boykot qilishni tavsiya qildi. Joriy yilning 1 avgust kuni kechqurun esa Infantino FIFA tijorat huquqlarining bir qismini sotish rejasidan voz kechganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing