UEFA delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Sport

image

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi O‘zbekistonda futbol ommaviyligini oshirish, mavjud infratuzilmani yaxshilash, “millionlar o‘yini” yanada ravnaq topishiga qaratilgan tizimli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.

Endilikda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi – UEFA bilan ham hamkorlikda bir qancha loyihalar amalga oshiriladi.

Bugun UEFA Assist tashabbusi doirasida tashkilotning xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Yeva Paske boshchiligidagi UEFA delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi. Yevropalik mehmonlar 13 martga qadar O‘FAning ish-faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Tashrif doirasida O‘FA rahbari hamda xodimlari bilan, PFL va Superliga klublari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi, O‘FA hamda PFLning har bir yo‘nalish bo‘yicha olib borayotgan faoliyati UEFA mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganiladi hamda yakunda assotsiatsiya ish faoliyati samaradorligini oshirish, O‘zbekistonda futbol rivojlanish darajasini yanada ko‘tarishga yo‘naltiriluvchi qo‘shma loyihalar, mutaxasislarning Yevropaning yetakchi assotsiatsiyalarida malaka oshirishi, qolaversa O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarining muntazam ravishda Yevropada tashkil etiladigan xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash kabi masalalar muhokama qilinadi.

Bugun UEFA vakillari O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan uchrashdi.

– Yevropa futboli yuksak darajada ravnaq topgani bilan boshqa qit’alardan ajralib turadi. UEFA'dek tashkilot bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan juda ham mamnun bo‘lamiz. Biz ayni damda milliy futbolimizning barcha bo‘g‘inlarida o‘z ishining chin professionallari faoliyat olib borishini maqsad qilganmiz. Buning uchun esa mahalliy mutaxassislarimizni Yevropaga tajriba va malaka oshirish uchun yuborish ayni muddao bo‘ladi. O‘zaro hamkorligimiz samarali bo‘lishidan umidvormiz, deya ta’kidladi Ravshan Ermatov.

UEFA delegatsiyasining ertangi kun tartibidan O‘FAning qator bo‘limlari rahbari hamda xodimlari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

Qayd etish joiz, 13 mart kuni esa mazkur tashrif yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham tashkil etish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA UEFA

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing