Uchta viloyatga bosh imom-xatib tayinlandi
Jamiyat
−
01 mart 2025 16097 2 daqiqa
Kecha, 28 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar raisligida Surxondaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videomuloqot yig‘ilishi o‘tkazilib, mazkur viloyatlarga bosh imom-xatiblar tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Sayfiddinov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilib, Termiz shahridagi “Hakim Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirilgan. Termiz shahri bosh imomi va “Manguzar” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Rasuljon domla Abdullayev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifasiga tayinlangan.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani “Oltintepa” masjidida imom-xatib bo‘lib ishlab kelayotgan Ahmadxon qori Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi etib tayinlangan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili vazifasini vaqtinchalik bajarib kelgan Yoqubjon domla Mansurov bosh imom-xatib o‘rinbosari va Samarqand tumani “Xo‘ja Ahrori Valiy” jome masjidi imom-xatibi vazifalarida qoldirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakili Jasurbek domla Raupov ham o‘z ixtiyori bilan lavozimidan ozod etilib, Zangiota tumanidagi “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida qoldirilgan. Toshkent tumani bosh imomi va mazkur tumandagi “Hasanboy ota” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ishlab kelayotgan Doniyor domla Ikromov O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida joylashgan masjidlarda faoliyat olib borgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgandi. Shuningdek, 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilgan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025