Uchta bankning 148 xodimi biznes qilgani aniqlandi

3-sahifa

image

“Mikrokreditbank”, “Biznesni rivojlantirish banki” hamda “Turonbank” va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda banklarning 148 nafar boshqaruv xodimi 155 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, “Mikrokreditbank”ning 94 nafar boshqaruv xodimi 96 ta tadbirkorlik sub’ektida, “Biznesni rivojlantirish banki”ning 41 nafar boshqaruv xodimi 46 ta tadbirkorlik sub’ektida, “Turonbank”ning 13 nafar boshqaruv xodimi 13 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

“Yuqoridagi holatlar bo‘yicha agentlik tomonidan mazkur banklarga taqdimnomalar kiritilgan. Banklar taqdimnomalarni tanqidiy muhokama qilib, tadbirkorlik sub’ektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari bermoqda”, deyiladi xabarda.
 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 sentyabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlangandi. 13 sentyabr kuni esa Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularda faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodimi 116 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlik “Mikrokreditbank” “Biznesni rivojlantirish banki” “Turonbank”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing