O‘chmagan sham, isimagan uy, metanga navbat. Jo‘rabek Mirzamahmudov sudlashishdan boshqa nimani qoyillatdi?
Jamiyat
−
29 iyul 4912 10 daqiqa
Energetika vaziri ishdan olindi. Endi “svet” o‘chmaydimi?
Hali mahallasiga gaz tugul, uning trubalari ham yetib bormagan hududlar bor. Xo‘sh, ularning taqdiri nima bo‘ladi?
Transformatorlar qurilgan, simlar yangilangan, milliardlab pullar ajratilgan. Unda nega “svet” o‘chaveradi?
Energetiklarning birgina xato qarori 300 mln dollarlik ortiqcha xarajatga sabab bo‘lgan. Bu ayon bo‘lgani. Ochiqlanmaganlari ham bormi?
O‘zbekiston aholisini eng ko‘p o‘ylantiradigan tizimning ishlari tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Yaqin daqiqalar davomida shu mavzuda gaplashamiz.
O‘zi biz qishning dahshatli sovuqlarida “qaniydi yoz kelsa, elektr ham, gaz ham o‘chmasdi, mazza qilib yashardik” deb umid bilan yashaydigan xalqmiz, yoki edik yaqin yillargacha. Qishda “zapravka”lardagi kilometrlik navbatlarda soatlab umrini sovurib, uyida ko‘rpaga o‘ranib o‘tirgan odamga yoz xuddi xaloskordek tuyulardi. Lekin, mana, yoz ko‘pam soz o‘tmayapti. Allaqachon chiroq nafaqat sovuqdan, balki issiqdan ham “hushini yo‘qotadigan” bo‘lib qoldi. Qishda muzlab qolgan umidlar yozda shunchaki erib ketdi. Xullas, chiroq o‘chishi uchun faslning umuman farqi qolmadi. Bu esa O‘zbekiston energetika sohasi nochorligidan, pulsiz qolib ketganidan emas! Tizim yo‘qligidan. Sohaga milliardlab pullar ajratilsada, mas’ullar to‘g‘ri ishlamagani uchun, boshqaruv yaxshi bo‘lmagani uchun. Buni shaxsan prezident aytdi.
“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!”, dedi Prezident.
Issiqdan asfalt erib, transformatorlar chiday olmay portlayotgan, konditsioner esa xonadonlarda shunchaki devorga ilingan qimmatbaho bezakka aylanib qolgan navbatdagi iyul chillasining o‘rtasida vazirlik tizimida ham harorat ko‘tarildi. Energetika sohasida qilgan ijobiy ishlaridan ko‘ra, asosan tizimni tanqid qilgan jurnalistlarni o‘ziga dushman deb e’lon qilishi, hatto “svet” o‘chgani haqida post yozgan iqtisodchi Otabek Bakirovni sudga berishi bilan ko‘pchilikka tanilgan sobiq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. 27 iyul kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishini “tanqidiy ruhda bo‘ldi” deb bemalol ta’riflash mumkin. U haqida keyinroq. Hozir esa, endi sobiq vazir deb ataluvchi Jo‘rabek Mirzamahmudov faoliyatiga qisman nazar tashlaymiz.
Hozirgi shaklidagi Energetika vazirligi 2019 yil 1 fevralda Prezidentning 5646-sonli farmoni bilan tashkil etilgan. 2019 yilgacha O‘zbekistonda yaxlit, barcha yoqilg‘i-energetika sohasini birlashtiruvchi yagona Energetika vazirligi mavjud emas edi. Soha bir nechta alohida davlat kompaniyalari va idoralar o‘rtasida bo‘lingan holda boshqarilar edi. Yangi davlat tuzilmasining birinchi vaziri Alisher Sultonov bo‘lgan. U idorani 2022 yilning apreligacha boshqardi. Shundan so‘ng, qariyb 6 oy Sultonovdan bo‘shagan kursi egasiz qolgan, keyinchalik Jo‘rabek Mirzamahmudov 2022 yilning 29 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari – Energetika vaziri lavozimiga tayinlangan edi.
Ushbu mas’uliyatli postga kelganidan bor-yo‘g‘i 2-3 oy o‘tib, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat tarixidagi eng og‘ir va tizimli energetik inqirozga ro‘para keldi. Vazirlikning birinchi yili yuzaga kelgan salbiy holatlar, sohadagi uzilishlar, aniq statistik yo‘qotishlar va texnik nosozliklar bilan muhrlandi. Xususan, 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar oylarida havo haroratining keskin pasayishi oqibatida respublika energetika tizimi amalda izdan chiqdi. Esingizda bo‘lsa, o‘sha davrda “anomal sovuq” atamasi hayotimizga kirib kelgandi. Qishki tig‘iz paytda mamlakatda kunlik gaz tanqisligi 20 million kubometrdan oshib ketdi, bu esa magistral quvurlarda bosimning keskin tushishiga olib keldi. Oqibatda elektr energiyasining 85-90 foizini ishlab chiqaruvchi Issiqlik elektr stansiyalarida gaz yetishmasligi sababli kunlik generatsiya hajmi o‘rtacha 15-20 million kilovatt-soatga qisqarib ketdi va tizimda 12-15 foizlik defitsit yuzaga keldi. Bu holat ommaviy uzilishlar va issiqlik tizimi inqirozini keltirib chiqardi. Poytaxt Toshkent shahri va viloyat markazlarida yuzlab hududlar sutkalab elektr va gazsiz qoldi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida o‘nlab mahalla va ko‘p qavatli uylarda issiqlik va suv quvurlari muzlab yorilishi kuzatildi.
Sovuq kunlarda poytaxtda sutkalik elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga – 34 million kilovatt-soatga yetgan bo‘lsa-da, mavjud tarmoqlar bunday yuklamaga dosh bera olmadi va respublika bo‘yicha 1 000 dan ortiq transformator hamda past kuchlanishli kabellar yonib ketdi. Aholini minimal gaz bilan ta’minlash va IESlar faoliyatini ushlab turish maqsadida respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 1 200 dan ortiq metan shoxobchalari faoliyatiga keskin cheklovlar kiritildi va ular haftalab to‘liq yopildi. Bu holat mamlakatda yonilg‘i inqirozini keltirib chiqardi. Jamoat va yuk transporti harakati izdan chiqdi, benzinga bo‘lgan talab keskin ortdi va AI-80 markali benzinni olib-sotarlari paydo bo‘ldi. Hatto narxlar bir litr uchun sun’iy ravishda 10-12 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketdi. Inqiroz iqtisodiyotga ham og‘ir zarba berdi. Respublika bo‘yicha 500 dan ortiq yirik sanoat korxonasi va minglab kichik-o‘rta biznes sub’ektlariga gaz hamda elektr yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi yoki keskin cheklandi. Buning oqibatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi pasayib, O‘zbekistonning eksport ko‘rsatkichlari, xususan, sement, kimyo va tekstil sanoatida oylik tushum o‘nlab million dollarlik yo‘qotishlarga uchradi. Yuzaga kelgan kadrlar va mas’uliyat inqirozi fonida davlat rahbari darajasida soha mutasaddilarining faoliyati keskin tanqid qilindi va qat’iy choralar ko‘rildi.
Tayyorgarlik va profilaktika ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani sababli “O‘ztransgaz”, “O‘zbekneftgaz” hamda “Milliy elektr tarmoqlari” rahbarlariga hayfsan berilib, tizimdagi bir qator mas’ul shaxslar va hududiy korxona rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, sohadagi texnik tayyorgarlik darajasi esa rasman qoniqarsiz deb topildi.
Bu vazirlikdagi birinchi yilning qisqa annotatsiyasi. Davom etamiz. Bir tomondan, 2023 yildan shu kungacha sohada uzoq kutilgan va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlar ham bo‘ldi. Vazirlik tomonidan yillar davomida ortga surib kelingan eng murakkab qadam – energiya tariflari islohotiga qo‘l urildi va 2024 yilning may oyidan e’tiboran elektr hamda gaz uchun “ijtimoiy me’yor” va tabaqalashtirilgan tariflar tizimi joriy etildi. Bu sohaga davlat byudjetidan beriladigan milliardlab dollarlik subsidiyalar yukini kamaytirish va tejamkorlik madani “yashil energetika” yo‘nalishida keskin burilish yasalib, BAAning “Masdar”, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati bir necha gigavattga teng quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi.
Ichki defitsitni qoplash va qishki inqirozlarning takrorlanishining oldini olish maqsadida 2023 yil oktyabr oyida Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali tabiiy gaz import qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, sohada raqamlashtirish ishlari jadallashtirilgani, bu orqali hisob-kitoblar shaffofligi oshirilgani bot-bot takrorlandi. Mana shu qismni eslab qoling. Keyinroq vaziyat rostdan ham maqtanarli darajada bo‘lganmi yoki yo‘q degan savolga javob beramiz. 2023-2024 yillarga qaytsak, ushbu davrda tizimdagi ob’ektiv va sub’ektiv salbiy holatlar o‘z ta’sirini yo‘qotmadi. Yangi generatsiya quvvatlari yaratilganiga qaramay, eng og‘riqli nuqta – pastki taqsimlash tarmoqlari va infratuzilma eskirgani sababli mavsumiy uzilishlar davom etdi. Xususan, yozgi jazirama issiq va qishki sovuq kunlarda Toshkent shahri hamda hududlardagi eskirgan yer osti kabellari va transformatorlar yuklamaga dosh bera olmay yonib ketishi oqibatida ommaviy uzilishlar kuzatildi. Shu bilan birga, mahalliy konlarda tabiiy gaz qazib olish hajmining yildan yilga tabiiy ravishda kamayib borishi fonida respublikaning import gazga bog‘liqligi oshdi va sohada tashqi bozor narxlariga nisbatan moliyaviy bosim saqlanib qoldi.
Tariflarning oshirilishi va “ijtimoiy me’yor”ning kiritilishi aholi hamda kichik biznes uchun qo‘shimcha moliyaviy yuk yaratib, ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, tarmoqni to‘liq raqobatli ochiq bozor modeliga o‘tkazish va hududiy korxonalardagi samarasiz boshqaruv hamda korrupsion xavflarni to‘liq bartaraf etish imkoni bo‘lmadi.
Oddiy xalq va soha tahlilchilari xotirasiga sobiq vazir nafaqat energetik inqirozlar, balki o‘ziga nisbatan tanqidiy pozitsiyada bo‘lgan jurnalist va blogerlarni “dushman” deb bilgani, media uchun nisbatan yopiq va savollarga ochiq javob berishdan qochgan mulozim sifatida post yozgan iqtisodchi Otabek Bakirovni sudga berishi ko‘pchilik hali uzooooq gapiradigan mavzuga aylandi. Xullas u ketdi. Ortidan esa nimalar qolganini videoselektor yig‘ilishida aytilgan gaplar orqali bilib olishimiz mumkin.
Ketganlar ketdi, qolganlar qoldi qabilida ish tutib bo‘lmaydi. Dastur avvalida aytilgan aniq raqamlarni yana eslatib o‘taman. Diqqat bilan eshiting. So‘nggi yillarda sohaga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib kelgan, 9,5 gigavattli stansiyalar ishga tushirilib, generatsiya bo‘yicha ehtiyoj to‘liq qoplangan. Tarmoqlar va transformatorlarni yangilashga ajratilgan 30 trillion so‘m mablag‘ oxirgi 25 yildagidan 6 baravar ko‘p!
Xo‘sh, milliardlab dollar sarmoya yutilgan, qog‘ozda generatsiya yetarlicha oshgan, pullar xuddi suvdek oqizilgan bo‘lsa, nega oddiy aholining uyida chiroq hali ham “svetofor” kabi ishlayapti? Ya’ni o‘chib-yonaveradi? Xalq tilida aytganda: go‘sht bor, yog‘ bor, guruch bor, qozon ham, o‘choq ham bor – lekin osh baribir pishmayapti! Shu sababli, endi bu muammolar faqat energetiklarni emas, hokimlarni ham o‘ylantirishi kerak. Davlat rahbari ularni ham javobgar ekanini eslatdi.
“Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kutilmaganda keladigan qishning ayozli kunlaridagi muammolar yetmagandek, yozning behosdan kelgan issig‘i ham qator muammolarni keltirib chiqardi. Statistika bu mavzuda “voy dod” deyapti. Joriy yilning iyun–iyul oylarida elektr tarmoqlarida qariyb 4 mingta avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8–10 soatgacha elektrsiz qoldi. E’tibor bering, bu faktni ham shaxsan davlat rahbari ochiqladi.
So‘nggi yillarda “hammasini raqamlashtirdik, aqlli hisoblagichlar o‘rnatdik, sohani to‘liq nazoratga oldik” degan serjilo hisobotlar ketma-ket yangragandi, bu gaplarni tasodifan bo‘lsa ham eshitganingiz aniq. Lekin amalda bu “aqlli” deb atalgan tizimning o‘zi ham allaqachon “hushini yo‘qotgani” ayon bo‘ldi. Milliardlab mablag‘lar evaziga o‘rnatilgan yuz minglab hisoblagichlar tarmoqqa birorta ma’lumot uzatmay, shunchaki devorga ilingan “soxta bezak”ka aylangan.
Yil boshidan beri sohaga kiritilgan milliardlar va “yashil energiya” haqidagi balandparvoz nutqlar fonida, ko‘zga ko‘rinmas tuynuklardan necha milliard kilovatt energiya havoga uchib ketgani va bu “mantiqsizliklar paradini” to‘xtatish o‘rniga shunchaki quyosh paneli o‘rnatish bilan o‘zini aldab yurgan rahbarlar haqida davlat rahbari achchiq gaplarni aytdi.
Ko‘rib turganingizdek muammolar ko‘p. Ularni yechish uchun esa yangi vazir tayinlandi. U ham sohaga begona emas. Avvalroq nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan Sherzod Xikmatullayevich Xo‘jayev 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri bo‘ldi.
Xo‘jayev 2019−2023 yillarda Energetika vazirining o‘rinbosari, 2023 yilda vazirlik huzuridagi elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori bo‘lib ishlagan. U 2023 yilda kuzatilgan anomal sovuq sharoitdagi faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Energetika vaziri o‘rinbosari lavozimidan ishdan olingandi.
Kadrlar almashinuvi, ehtimol majburiy desak to‘g‘ri bo‘lar, bu holat “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda ham kuzatildi. 2024 yil dekabr oyidan beri boshqaruv raisi sifatida ishlab kelgan Asrorjon Asqarov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga 2025 yildan buyon Bo‘ka tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Sardor Isoqulov tayinlandi. Xullas, yangi rahbarlarni oldinda qiladigan ishlari juda ko‘p. Masalan, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaz” tizimida ishlayotgan xodimlar faoliyatini boshqarishni raqamlashtirish asosiy topshiriqlardan biri. Chunki, tizimda minglab xodimlar ishlasada, ular vaqtdan qay darajada samarali foydalanayotganini to‘liq nazorat qilib bo‘lmayapti.
“Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, degan Prezident.
Yana bir qator o‘zgarishlar bo‘ladi. Gaz yetib bormaydigan qariyb 2 mingta mahalla elektr bilan isitiladi, qolaversa aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xususiy sektorga ham beriladi.
Xullas, qahramonlar almashdi. Xuddi filmlarda bo‘lganidek, yangi personajlarning qo‘shilishi kino yakunini ijobiy tugatishiga xizmat qiladimi yoki aksi bo‘ladimi? buni esa vaqt ko‘rsatadi. Umid qilamizki, yangi vazir bir paytlar inqirozli qishdagi faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olinganini yaxshi eslaydi va xulosalari ham shunga yarasha. Millionlab aholining xonadonidagi lampalar svetoforning taqlidchisi, konditsioner devordagi bezak, gaz quvurlari esa shunchaki yerga ko‘milgan temir parchasi bo‘lib qolmaydi. Real bahoni esa navbatdagi yaqinlashayotgan qishning “kutilmagan” ayozli kunlari va kelasi yozining jaziramasi ko‘rsatib beradi.
Live
Barchasi