Uchlar ittifoqi: Turkiya, Saudiya va Pokiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Olam

image

Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni mudofaa texnologiyalari sohasida hamkorlik qilib, harbiy tajriba almashadi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda “Türkiye” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur mashg‘ulotlar “Makka kelishuvi”da ko‘zda tutilgan bo‘lib, hujjat Turkiya parlamenti tomonidan kuzgi sessiyada ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 3 davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning dastlabki bosqichi armiyalar o‘rtasida kadrlar almashinuvidan boshlanadi. Bu uzoq muddatli harbiy hamkorlik uchun asos yaratishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar 3 davlat qurolli kuchlarining ehtimoliy inqirozli vaziyatlarda o‘zaro hamkorlik qilish va harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatini oshiradi. 

Shuningdek, Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni mudofaa sanoati sohasida ham faol hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun mamlakatlarning ishlab chiqarish, texnologik va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Kelishuv doirasida yaratiladigan erta ogohlantirish mexanizmi davlatlarning harbiy tiyib turish salohiyatini kuchaytirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Makka kelishuvi” joriy yilning 7 avgust kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolangan. Unga ko‘ra, ishtirokchi davlatlardan biriga qilingan hujum barcha 3 davlatga qarshi agressiya sifatida baholanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing