Uch viloyatda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektr energiyasi o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
13 Sentabr 2023
6812Uchta viloyatda 1 mlrd 36 mln 354 ming so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mas’ul tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlagan. Xususan:
- Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “I.T.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, davlat manfaatlariga 783 mln 516 ming so‘m;
- Surxondaryo viloyati Termiz tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “S.A.F.” MCHJga qarashli issiqxonaning elektr hisoblagichi noto‘g‘ri ulanganligi natijasida davlat manfaatlariga 133 mln 920 ming so‘m;
- Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida fuqaro A.X.ga tegishli chorva xo‘jaligi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib olganligi sababli davlat manfaatlariga 118 mln 918 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Jami o‘g‘irlangan elektr energiyasi qiymati 1 mlrd 36 mln 354 ming so‘mga yetgan.
“Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, ushbu hajmdagi elektr energiyasi 11 514 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.
LiveBarchasi