Poytaxtda blekaut: 4 ta tumanda “svet” o‘chib qoldi

Jamiyat

image

Bugun, 28 iyun kuni podstansiyadagi nosozlik sabab Toshkent shahrining 4 ta tumanida elektr energiyasi uzilib qoldi. Bu haqda Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari korxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 20:45 da Toshkent shahrida joylashgan “Yuksak” podstansiyasidan keluvchi L-O‘-Yu 110 kV 1 va 2 elektr uzatish tarmoqlari himoya tizimi ishlashi oqibatida favqulodda o‘chgan.

Oqibatda “Yurtim” hamda “Bunyodkor” podstansiyalari to‘liq kuchlanishsiz qolgan va ushbu podstansiyalar orqali elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgan iste’molchilarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Xususan, poytaxtning Mirobod, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmoqda.

“Ayni paytda maxsus brigadalar tomonidan nosozlik sabablarini aniqlash va bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Iste’molchilarni imkon qadar zaxira manbalar orqali elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Elektr energiyasi o‘chib qolishi oqibatida Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan “ Dream Park” nomidagi istirohat bog‘idagi attraksionlarda fuqarolar qolib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan va hozirda barcha fuqarolarni charxpalakdan xavfsiz olib tushish ishlarini olib bormoqda.

​Bildirilishicha, vaziyat Toshkent shahar FVBB tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Toshkent shahrining 5 tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing