Uch kishining vafotiga sabab bo‘lgan klinika faoliyatini to‘xtatdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentning “Mont Blanc” xususiy klinikasida plastik jarrohlik amaliyotidan keyin uch kishi vafot etgani, mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturada o‘rganilib, joriy yilning 12 noyabr kuni JKning 116-moddasi 4-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. 

QALAMPIR.UZ ushbu klinikaning bugungi faoliyati bilan qiziqib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik rasmiylarining ma’lum qilishicha, "MONT BLANC" MCHJ joriy yilning 27 sentyabrida “Davlat xizmatlari markazi” orqali tibbiy faoliyat ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyasining amal qilishini tugatishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.

"MONT BLANC" MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan № 9062-00-raqamli litsenziyaning amal qilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy faoliyatni litsenziyalash kengashining 2019 yil 3 oktyabrdagi 48-sonli qarori bilan tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu klinika bilan bog‘liq uchta o‘lim holati aniqlangan. 

Birinchi holat: 01.08.2019 yilda Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan “Mont Blanc” xususiy shifoxonasida fuqaro O‘.Baxranovga burun qiyshiqlarini to‘g‘irlash yuzasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng, bemorning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, 20.08.2019 yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida joylashgan shifoxonaga yotqizilgan.

Biroq, unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan O‘.Baxranov vafot etgan.

Ikkinchi holat: 15.08.2019 yilda Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi L.Apostolovaga  “Mont Blanc” xususiy klinikasida tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan hamda burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlangan. 

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng, bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va unga antibakterial da’vo maqsadida «seftrakson» dori vositasi ichki qon tomiri orqali 1,0 ml. miqdorida yuborilgan.

Shundan so‘ng, bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RSHTYOIMga olib borilgan. 

19.08.2019 yilda markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, L.Apostolova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Uchinchi holat: 24.08.2019 yilda  “Mont Blanc” xususiy klinikasida fuqaro G.Sharifovaga burun sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta’sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan.

Natijada shu kunning o‘zida bemorning uning yaqin qarindoshlari tomonidan  “Akfa medline” xususiy shifoxonasiga (klinik o‘lim holatida) olib kelingan.

26.08.2019 yilda shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilganligiga qaramasdan, G.Sharifova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

142

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing