U mamlakatimiz g‘ururi — Kirkorov xalqdan sobiq xotini Pugachyovani tinch qo‘yishlarini so‘radi

Madaniyat-san’at

image

Rossiyalik xonanda Filipp Kirkorov sobiq rafiqasi, xonanda Alla Pugachyovani “Rossiyaning g‘ururi” deb atadi. Kirkorov bu haqda kecha, 11 noyabr kuni YouTube'dagi “Super” kanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Buyuk xonandani tinch qo‘ying, buni sizlardan o‘tinib so‘rayman. U to‘g‘ri ma’noda ayol, ona va buvi. Uning bolalari va nabiralari bor. U mamlakatimiz g‘ururi. Biz uni qo‘shiqlarini tinglab ulg‘aydik”, degan Kirkorov.

Gap shundaki, joriy yilning, sentyabr oyi so‘ngida Alla Pugachyova farzandlari bilan Rossiyadan Isroilga ketdi va internet orqali qoldirgan posti bilan ko‘plab rossiyaliklarning jahlini chiqardi.

“Sen toqat qilolmaydigan insonlar, seni yoqtirmasligi ham baxt. Agar ularga yoqqanimda, bu men behuda yashab, ijod qilganimni anglatardi. Buning sababi aniq, tish qayrashda davom eting. Qarollar, qulga aylandi”, degan u.

Bu murojaat aynan kimga atalgani ochiqlanmagan bo‘lsa-da, rossiyalik obunachilarga Pugachyovaning bu so‘zlari yoqmagan. Ayrim izohlarda “Rossiya xalq artisti” unvoni va Rossiya pasportini Pugachyovadan olib qo‘yish kabi takliflar ham ilgari surilgan. 

Shuningdek, suhbat davomida Kirkorov nima uchun Nargiz Zokirova bilan sen-menga borayotgani haqidagi savolga ham javob berdi.

“Men gastrolga ketayotgan edim, hech kimga zararim tegmayotgan edi. Toshkentda meni Farrux Zokirov va “Yalla” guruhi kutayotgan edi. Shu payt Nargiz mening konsertim afishasi oldidan o‘tayotgan vaqtida meni “kelgindi” deb atadi”, deydi u.

Shundan so‘ng, Filipp Kirkorov Instagram sahifasidagi Nargiz Zokirova bilan yozishmalarini ko‘rsatgan. U yerda Nargiz Zokirova 2020 yilda Kirkorovni tug‘ilgan kuni bilan tabriklar ekan, uni “rok yulduzi” deb atagan va joriy yilning 1 may kuni Nargiz Zokirova yozgan navbatdagi xatida Filipp Kirkorovga muhabbati cheksiz ekanini aytgan. Kirkorov so‘zida davom etarkan, Nargiz va Maksim Fadeyev o‘rtasidagi munosabatlarga ham darz ketganini yodga olgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida rossiyalik qo‘shiqchining Toshkentda konsert berishidan xabar topgan Nargiz Zokirova tadbir afishasi oldida turib, “sizlarga hech kimning ko‘zi uchib turgani yo‘q”, deya izoh qoldirgan. 1 noyabr kuni esa Filipp Kirkorov Toshkentdagi konserti vaqtida Nargiz Zokirovaga javob qaytargan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Filipp Kirkorov 1994 yilda Alla Pugachyova bilan oila qurgan va juftlik 2005 yilga kelib ajrashib ketgan. Kirkorov hisob bo‘yicha Pugachyovaning to‘rtinchi turmush o‘rtog‘i edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nargiz Zokirova Filipp Kirkorov Alla Pugachyova

Baholaganlar

413

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing