Alla Pugachyova Putinga qarshi, “Tolibon” Shimoliy Koreyaga aylanmoqchi – Midweek

Tahlil

Afg‘onistonda ayollar o‘z haqqini talab qilib, bosh ko‘tardi. “Tolibon” esa ularni kaltaklab, tarqatib yuborgani aytilmoqda. Ayni damda esa mamlakatning 6 viloyati internetdan uzilgan. Oxundzoda Kim Chen In rejimining “hadisini olgan” ko‘rinadi.

Ramzan Qodirov primadonna Alla Pugachyovani xoin deb atadi. Chunki Alla Borisovna o‘zining yaqinda chiqqan intervyusida Ramzan uchun unchalik yoqimli bo‘lmagan tarix haqida so‘z ochgandi.

Jo Bayden pulga muxtoj. Uning xarajatlari daromadidan oshib ketgan. Ipoteka qarzlari, o‘g‘lining sudi, qizining ajrimi va o‘z sog‘lig‘i uchun pul topishda sobiq prezident qiynalyotgani aytilmoqda.

Zelenskiy Trampni aniq bir pozitsiyaga o‘tishga chaqirdi. U ikki va uch tomonlama uchrashuvga hech qanday shartlarsiz tayyor ekanini yana bir bor takiladi.

Joriy hafta o‘rtasiga qadar dunyoda sodir bo‘lgan shu kubi muhim voqea-hodislar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.

“Tolibon” Shimoliy Koreyani “yoqib oldi”

“Tolibon” boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonda ayollar yana bir bor namoyishga chiqdi. “Amu TV”ning xabar berishicha, 16 sentyabr kuni yuzlab nafaqaxo‘r ayollar Qobuldagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan boshqariladigan nafaqa idorasi oldida yig‘ilib, kechiktirilgan nafaqa pullarini talab qilib, namoyish o‘tkazgan. Ular kamida beshta davlat muassasalaridan, jumladan, sobiq Ta’lim vazirligi va tarqatib yuborilgan Afg‘oniston parlamenti vakillaridan ekani aytilmoqda. Hodisa guvohlarining aytishicha, ushbu nafaqa yoshidagi ayollar “Tolibon” qo‘riqchilari tomonidan kuch bilan tarqatib yuborilgan, ba’zilari esa kaltaklangan. Ular “Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri oilalarining og‘ir iqtisodiy ahvol tufayli ko‘p marotaba shikoyat qilgan, keksalarning ko‘pchiligi bir necha oy davomida nafaqasiz qolgan. 

Mazkur voqeadan ko‘p o‘tmay, Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat 24 soat ichida oltita viloyatni internetdan uzgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Balx, Qandahor, Hilmand, Hirot, Uruzgon va Nimroz kabi hududlar aholisi internetdan mahrum qilingan va  “Afghan Telecom” davlat kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan optik tolali xizmatlar to‘xtatilgan.

Cheklovlar aholi o‘rtasida xavotir uyg‘otgan, ularning ta’kidlashicha, Qobuldagi internet xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya optik tolali internetni taxminan 20 kun oldin to‘xtatgan. “Tolibon” muvaqqat hukumatining Balxdagi matbuot kotibi esa bu taqiq to‘g‘ridan to‘g‘ri “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda tomonidan berilganini ma’lum qilgan. Undan ko‘zlangan maqsad esa axloqsiz xatti-harakatlarning oldini olish ekani ta’kidlangan. 

Biroq rasmiy ehtiyojlar uchun muqobil ichki tarmoq yaratilishi aytilmoqda. Bunday tizim qaysi davlatda borligi ko‘pchilikka ayon. Bu Shimoliy Koreya. Globallashgan dunyoda axborot asri hukm surar ekan, Markaziy Osiyoning yonida internet masalasida yangi “Shimoliy Koreya” paydo bo‘layotgani achinarli. Hozircha bunday choraning ayollar o‘tkazgan namoyishga aloqasi bor yoki yo‘qligi noma’lum. Ammo tan olish kerak, Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgandan buyon u yerdagi ayollarga nafas olishdan boshqa hamma narsa cheklanib kelmoqda. 

Keling, bir boshdan boshlaymiz: 

  • 2021 yil 17 sentyabr kuni “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘rta maktablarni faqat o‘g‘il bolalar uchun qayta ochishga qaror qildi. Ular shu tariqa qizlarning o‘rta ta’lim olish huquqini amalda man etish orqali o‘zining uzundan uzun mantiqsiz va aqlga sig‘mas cheklovlarini boshlab yubordi. 
  • Oradan bir yil o‘tib ayollarning istirohat bog‘lariga borishi ham taqiqlab qo‘yildi. 
  • 2022 yilning oxiriga kelib, Afg‘onistondagi barcha mahalliy va xorijiy nohukumat tashkilotlarda ayol xodimlarning ishlashi man etildi. 
  • 2023 yilning boshida esa “Tolibon” rahbariyati mamlakatdagi ayollar uchun go‘zallik salonlarini yopishni buyurdi. 
  • “Tolibon” vakillari ayollarga savdo markazlarida ishlashni ham taqiqladi. 
  • 2023 yilning 10 aprel kuni Hirot viloyatida oilalar va ayollarga bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirish ham taqiqlandi. 
  • O‘sha oyda Tahor va Bag‘lon viloyatlarida Ramazon hayiti vaqtida ayollarning sayr qilishini taqiqlash haqida ham qaror chiqqandi. 
  • 2024 yil sentyabr oyida “Tolibon”ning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi ayollarga sotuvchilar bilan savdolashish taqiqladi. 
  • 2024 yilning 28 oktyabrida “Tolibon” ayollarga nafaqat erkaklar, balki boshqa ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqlagandi. 

Shunday qilib, “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollar uchun chek-chegarasiz taqiqlar joriy qilish orqali dunyo hamjamiyati, xususan, O‘zbekiston tomonidan uning tan olinishi uchun asos bo‘ladigan talablarni mutlaqo teskarisini bajarib keldi. Bu esa uning butun dunyoda davlat va yangi hukumat sifatida tan olinishiga ulkan to‘siq bo‘lib turibdi. 

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev ham QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida muvaqqat hukumat BMT talablarini to‘liq bajarmagunicha va ayollarga nisbatan to‘siqlarni to‘xtatmaguncha uning de-fakto hukumati O‘zbekiston tomonidan rasmiy tan olinmasligini aytgan. Ammo shu kungacha “Tolibon”ni tan olgan davlat topildi. Bu – Rossiya. Ayni damda "Tolibon" vakillari, asosan, Pekin va Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinadi. 

Ramzan Primadonnaga tosh otdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadagi bosqinni va Rossiya rasmiylarini tanqid qilgan qo‘shiqchi, “Primadonna” nomi bilan butun postsovet mamlakatlarida o‘ta ulkan mashhurlikka ega bo‘lgan Alla Pugachyovani “xalq dushmani va sotqin” deb atadi. Uning bu hujumi o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Yaqinda, aniqrog‘i 10 sentyabr kuni tarmoqlarga joylangan jurnalist Katerina Gordeyevaga bergan intervyusida Pugachyova Johar Dudayevni maqtagandi.

U kim deysizmi? Dudayev 1991 yildan 1996 yilgacha Checheniston prezidenti bo‘lgan va hudud mustaqilligi uchun Rossiya bilan kurash olib borgan. U Chechenistonni mustaqil deb e’lon qilgan va Yelsin hukumati bilan uzoq kurashgan. 1996 yilning aprel oyida ruslar tomonidan o‘ldirilgan. Qizig‘i, Ramzan Qodirovning o‘zi 1994-1996 yillardagi Chechenistondagi birinchi urushda, ya’ni Dudayev qo‘l ostida Rossiyaga qarshi mustaqillik uchun kurash olib borgan. Uning otasi Ahmat Qodirov Checheniston muftiysi va Dudayevning safdoshlaridan biri bo‘lgan. Biroq keyinchalik o‘yin qoidlari o‘zgargan va ota-o‘g‘il Rossiya tomoniga o‘tib ketgan. Pugachyova intervyuda aynan o‘sha Dudayevni “odobli, aqlli, kelishgan odam” ekanini aytdi. Pugachyova intervyusida boshqa narsalar qatori birinchi Chechen urushini ham tilga oldi.

“Birinchi Chechen urushini juda yaxshi eslayman, chunki men Joxar Dudayevni taniganman. U naqadar odobli va hurmatli, aqlli, kelishgan odam edi. Xotini ham qanday yaxshi ayol. Rassom, yozuvchi, siyosatchi. U men yordam bera olishimga ishonib, menga qo‘ng‘iroq qildi. Lekin qanday yordam bera olardim? Hech narsa qilolmasdim. Endi unga salom yo‘llashga ham uyalaman”, dedi qo‘shiqchi.

Qodirov esa Pugachyova: “Chechen xalqi uchun eng og‘ir davr haqida ahmoqona fikr yuritdi”, deya ta’kidladi. U, shuningdek, o‘zi oldin xizmat qilgan Dudayevni ham tanqid qilib, uni “chechen xalqi muammolariga e’tibor bermaganlik”da aybladi va shu bilan birga, 1994 yilda Chechenistondagi urushni “Berezovskiy va Pugachyovaga o‘xshagan xoinlar” boshlaganini da’vo qildi. 

Pugachyova esa o‘zining yangi intervyusida Ukrainadagi bosqinga yana bir to‘xtalib, uni yoqlamasligini bildirdi. U, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Maksim Galkin “xorijiy agent” deb tan olinganidan keyin Rossiyani tark etishga majbur bo‘lganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Alla Pugachyova mamlakatni tark etgandi. Isroilga jo‘nab ketganidan keyin u bir necha bor Rossiyaga qarshi pozitsiyasini yashirmagan va xorijiy agent sifatida tan olingan eri Maksim Galkinni omma oldida qo‘llab-quvvatlagan. Ayni damda esa u Latviyada istiqomat qilmoqda. Katerina Gordeyeva bilan suhbat xonandaning Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri birinchi yirik intervyusi bo‘ldi. Bir nech kun ichida u 20 milliondan ortiq ko‘rildi. Shuning o‘zi ham “Primadonna” hali hanuz Rossiyada juda katta ta’sirga ega ekanligidan dalolat beradi.

Bayden pulga muhtoj

AQSHda sobiq Prezident pulga muhtoj bo‘lishi zamonaviy dunyo uchun kutilmagan yangilik bo‘lmoqda. Chunki prezidentlik postini tark etgandan so‘ng, Qo‘shma Shtatlarda sobiq davlat rahbariga beriladigan yillik nafaqa normal hayot uchun yetib ortadi. Bundan tashqari, AQSH sobiq prezidentlari memuarlari va pullik nutqlari bilan ham o‘zlarining "glamur" hayotini davom ettirishi mumkin bo‘aldi. Ammo Jo Bayden bundan mustasno. Ayni damda uning sharoiti unchalik ham yaxshi emasligi aytilmoqda. 

“The Wall Street Journal” nashri Bayden prezidentlik muddati tugaganidan keyin oddiy va tejamkor hayot tarzini olib borayotgani haqida xabar berdi. Chunki 82 yoshli siyosatchi boshqa sobiq prezidentlar darajasida daromad topa olmayapti. Bunga uning yoshi, mashhurligining pasayishi hamda kompaniyalar uni pulli ma’ruzalar uchun taklif qilishni istamasligi sabab bo‘lmoqda. 

Baydenning asosiy daromadlari xotira kitobidan keladigan 10 mln dollar va yiliga unga ajratiladigan 416 ming dollarlik nafaqadan iborat. Pulli ma’ruzalar unga 300–500 ming dollar keltirishi mumkin edi, ammo bunday takliflar juda kam, deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi. Masalan, Barak va Mishel Obamalar o‘z memuarlari uchun 60 mln dollar olgan. Obamaning ma’ruzalariga qiziqish hali ham yuqori darajada. 

Biroq prezidentlik mandati paytidayoq kognitiv kamchiliklari ko‘rina boshlagan va mental qobiliyati katta shubha ostiga olingan Baydenning xaridorlari yo‘q. Albatta, omma oldida hech kim yo‘q nuqta bilan qo‘l berib ko‘rishmoqchi bo‘lgan va shunga o‘xshash g‘alati harakatlarni ko‘p bor takrorlagan siyosatchidan ayni paytda qanday ma’ruza qobiliyati qolgan bo‘lishi mumkin? Butun dunyo u Oq uydagi faoliyatining katta qismida va turli tadbirlarda rafiqasi Jill Bayden va sobiq vitse-prezident Kamala Harris tomonidan sudrab yurilganiga guvohi bo‘ldi. 

Bugun u duch kelayotgan moliyaviy qiyinchiliklarga qaytadagina bo‘lsak, Bayden juda katta xarajatlar qilishga majbur bo‘lmoqda. U 2,7 mln dollar turadigan uyining ipotekasini to‘lashi kerak. Yetmaganiga bu yil AQSHda mulk solig‘i 20 foizga oshgan. Shuningdek, u o‘g‘li Xanterning sud jarayonlarini moliyalashtirishga yordam berib, qizi Eshliga ajrashish jarayonida ham ko‘mak berayotgani aytilmoqda. 

NBC News xabariga ko‘ra, Bayden kutubxona qurilishi uchun mablag‘ yig‘ishda ham qiyinchiliklarga uchramoqda. Pensilvaniya universiteti uning prezidentlik kutubxonasini joylashtirishdan bosh tortgan, oilaning suratlar va kitoblardan tushadigan daromadi kamaygan, tibbiy xarajatlar esa onkologik davolanish bilan bog‘liq. Bu ham kamdek, sal avval Jo Bayden saraton hujayralarini olib tashlash uchun operatsiya qilingandi. Operatsiya teri saratoniga qarshi kurashishda juda samarali hisoblangan “Moosa” usuli yordamida amalga oshirilgan. Hozirda u Delaver universiteti qoshida prezidentlik markazini tashkil etishga harakat qilmoqda, ammo mablag‘ yig‘ish sekin kechmoqda. 

Baydenning rafiqasi Jill Bayden esa yiliga 100 ming dollar maosh to‘lanadigan o‘qituvchilik ishidan ketib, ayollar salomatligi bo‘yicha bepul dasturga rahbarlik qilmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha esa, Bayden oilasi hashamatli hayot tarzini yoqtiradi va ular shunga o‘rgangan. Ayniqsa, xarajatlarni boshqalar ko‘tarsa, ular uchun ayni muddao ekani tanqid qilinmoqda.

Zelenskiy Trampni “likkillamaslikka” chaqirdi

Zelenskiy, Putin va Tramp uchrashuvi yana kun tartibiga qaytdi. Ammo avval AQSH va Ukraina yetkachilari o‘zaro uchrashib olishadi. Bu BMTning navbatdagi assambleyasi fonida bo‘lishi kutilmoqda. Buni Rubio Isroilga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Zelenskiy esa bu uchrashuv oldidan Trampdan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha aniq javob olishni kutmoqda. U “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida Trampni Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha “aniq pozitsiya”ni egallashga chaqirdi. Zelenskiy bu kafolatlar doirasida, asosan, havo hujumidan mudofaa tizimlarini olishni istamoqda. 

Shuningdek, u AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashini ham kutmoqda. Ukraina rahbari Yevropa allaqachon Rossiyaga qarshi 18 ta sanksiya paketini joriy qilgani, bunga esa Qo‘shma Shtatlarining kuchli cheklovlari yetishmayotganini aytdi. Zelenskiy ushbu intervyu davomida Rossiya va AQSH Prezidentlari bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyorligini yana bir esltadi. Ikki yoki uch tomonlama-mi, hozircha unga farqi yo‘q. U shunchaki muzokaralarni boshlashni xohlamoqda.

Endi bu borada Trampning ham o‘zicha haqiqatlari bor. Masalan, u Rossiya Prezidentining mojaroga barham berishga tayyorligini shubha ostiga oldi. Uning ogohlantirishicha, agar Ukraina mojarosini hal qilishda oldinga siljish bo‘lmasa, Qo‘shma Shtatlar Rossiya iqtisodiyotiga “sanksiya zarbasini” beradi. Yangi chora-tadbirlar paketi banklarga, neft sektoriga va uchinchi davlatlar bilan savdoga bosim o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Ammo Tramp bu gaplarini bugun gapirayotgani yo‘q. U bu masalada mana shunday tahdidlardan nariga o‘ta olmayapti. Alyaskaga tashrif orqali Vladimir Putin uni og‘zini uzoq muddatga yopib ketdi. Ammo oradan mana ancha vaqt o‘tib, Rossiya yetkachisi muzokaralarni yana paysalga solayotgani Trampning yodiga tushib qoldi. 

Bundan tashqari, u Yevropa va NATO tomonidan ham qatiy qadamlar tashlanishini kutyapti. Xususan, AQSH Prezidenti NATOning barcha a’zolari Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatsa, AQSH ham Rossiyaga qarshi jiddiy sanksiyalar qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi. U alyansning ba’zi a’zolari Rossiya neftini sotib olishda davom etayotganidan hayratlanishini bildirdi. Tramp o‘zining mazkur yondashuvini sentyabr oyi boshidayoq ochiqlagandi. U o‘shanda Yevropa yetakchilari bilan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida ularni Rossiya neftini sotib olish orqali Ukrainadagi “urushni moliyalashtirayotganlikda” ayblab, Moskvani ushbu daromad manbaidan uzib qo‘yishga, shuningdek, bu borada Xitoyga ham bosim o‘tkazishga chaqirgan edi.

G‘arb esa Rossiya bosqinini qancha tez to‘xtatsa, shuncha ko‘p pulni tejab qoladi. Chunki Ukrainaga bosqin kelasi yilda ham davom etadigan bo‘lsa, Ukrainani moliyalash Yevropa davlatlariga juda qimmatga tushadi. Bu, ayniqsa, AQSH tekin donor rolidan chiqqan paytda ular uchun yanada og‘riqli bo‘ladi.  Masalan, Ukrainadagi mojaro davom etsa, Kiyevga 2026 yil uchun harbiy xarajatlarga kamida 120 mlrd dollar kerak bo‘lishi aytildi. Bunday taxminiy summani aytgan Ukraina Mudofaa vaziri Denis Shmigal urush tugagan taqdirda ham, mamlakatga yana shuncha miqdroda pul kerak bo‘lishini ham qo‘shimcha qildi. U, shuningdek, Ukraina yetarli darajada harbiy texnika ishlab chiqara olmayotganini qayd etgan. 

Vazirning fikricha, Ukraina G‘arbdagi hamkorlaridan texnika va qurol-yarog‘, shuningdek, Rossiyaga qarshi kuchli ikkilamchi sanksiyalarni so‘ramoqda. 

Ma’lumki, Ukrainaga anchadan buyon yordam ajratiladi. 9 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Kiyevga qariyb 169 mlrd yevro yordam ko‘rsatgani, shundan 63 mlrd yevrodan ko‘prog‘i harbiy yordamga ajratilgani haqida aytgandi. Kallasning so‘zlariga ko‘ra, birgina 2025 yilning o‘zida YeI mamlakatlari 25 mlrd yevro ajratib bo‘ldi va rejalashtirilgan 2 mln o‘q-dorining 80 foizi yetkazib berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Rossiya Evropa Vladimir Putin Donal'd Tramp Tolibon Ukraina Vladimir Zelenskiy Ramzan Qodirov Checheniston Jo Bayden Jill Bayden Alla Pugachyova Johar Dudaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing