“U bizdan emas”. Sibirni “o‘zbeklarning yurti” degan rossiyalik deputat partiyadan quvildi

Olam

image

Rossiyaning Xanti-Mansiysk okrugi dumasining Kommunistik partiyadan saylangan deputati Xolid Tagi-Zade “Sibir – o‘zbeklar uchun tarixiy vatan” degan gapi uchun partiya a’zoligidan chiqarildi. Bu haqda URA.RU xabar berdi

Kommunistik partiyaning Markaziy qo‘mitasi rais o‘rinbosari Yuriy Afonin deputatning ushbu bayonotiga keskin e’tiroz bildirgan.

“Tagi-Zade bir necha yil oldin partiya intizomini buzgani sababli partiyadan chiqarilgan. U bizning nomimizdan hech qanday vakolatga ega emas. Bu – uning shaxsiy fikri. Partiyaning va viloyat bo‘limining rasmiy pozitsiyasiga mutlaqo zid”, degan Afonin.

Davlat Dumasidagi Kommunistik partiya deputati Mixail Matveyev esa Tagi-Zadega yanada keskin javob bergan.

“Bu odam – provokator. U partiyadan chiqarilgan va endilikda biz bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Uning ahmoqona bayonotlari – mutlaqo shaxsiy, bizga tegishli emas. Bundan tashqari, u bu gapni shunchaki aytmadi – bu muhokama tub xalqlar orasidagi tug‘ilish va o‘lim masalalari doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu esa butun Rossiyaga qarshi hujum va tub xalqlarni migrantlar bilan almashtirishga urinish hisoblanadi. O‘zbeklarning bu yerda tarixiy huquqlari bor degan da’vo – bu kimdir tomonidan yozilgan metodik ko‘rsatmaga o‘xshaydi”, degan Matveyev.

Ma’lumot uchun, Xolid Tagi-Zade 1978 yil 15 noyabrda Ozarbayjon SSRning Sumgait shahrida tug‘ilgan. Millati – ozarbayjon. U 2001 yilda Sibir federal universitetini “kriminalistik kimyo” ixtisosligi bo‘yicha tamomlab, kimyochi mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida S.A. Reshetnyov nomidagi Sibir aero-kosmik akademiyasi harbiy fakultetida ham tahsil olgan. 

U 2019 yildan 2021 yilgacha Megion shahar Dumasining oltinchi va yettinchi chaqiriqlari deputati, Megion shahar Dumasidagi Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi fraksiyasi rahbari, 2021 yildan beri esa Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Dumasi – yettinchi chaqiriq Ugra deputati sifatida ishlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xolid Tagi-Zade ushbu bayonotni 29 may kuni Xanti-Mansiysk muxtor okrugi parlamentining so‘nggi majlisida aytgandi. Uning ushbu bayonoti mintaqaning tub aholisi o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining Sibirga ko‘chishi sabablarini muhokama qilish jarayonida paydo bo‘lgan. U Sibir xonligida Ko‘chimxon hukmronlik qilgani, u esa Shayboniylar sulolasidan – ya’ni Buxoro xonligidan chiqqan o‘zbek hukmdorlaridan ekani aytgan va o‘rtaga “balki hozirgi migrantlar o‘z tarixiy vatanlariga qaytayotgandir?”, degan savolni tashlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Davlat Dumasi Kommunistik partiya Xolid Tagi-Zade Xanti-Mansiysk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing