U haq bo‘lgan ekan – Lola Karimova otasini xotirladi

Jamiyat

image

Bir necha kundan so‘ng – 2 sentyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotiga 7 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan uning kenja qizi Lola Karimova – Tillyayeva otasi va u bilan o‘tgan xotiralarni esladi, Karimovning o‘rni uning hayotida hanuz bilinishini, uni hali ham sog‘inishini yozdi.  

“So‘ngi yillarda otam olamdan o‘tgan kun yaqinlashar ekan, xotira, tushlar va fikrlar to‘lqini meni qamrab oladi. Ushbu monologda bolalarcha sog‘inch hissi, o‘tmishda qolgan o‘zaro suhbatlarimizni qo‘msash tuyg‘usi o‘z ifodasini topadi.

Bolaligimda otam meni “kichik faylasuf” deb atar edilar va o‘sha davrda men bu so‘zning ma’nosini tushunmasam-da, bu juda qiziqarli va muhim narsa ekanini sezardim. Ulg‘ayganim sari ushbu so‘zlar yillar davomida shakllangan qiziqishlarimning eng to‘g‘ri ta’rifi ekanligini angladim. Otam hamisha narsalar, insonlar va hodisalarning mohiyatini tushuna olardi.

Men u bilan suhbatlashishni yoqtirardim, ayniqsa, so‘nggi yillarda. Farzand o‘laroq katta hayot yo‘lini bosib o‘tgan otamning so‘zlarini anglashga intilganim – suhbatlarimizni sog‘inaman. Agar hozirda savollarimga uning javoblarini eshitish imkoni bo‘lganda – bu juda yordam berar va men uchun bebaho ne’mat bo‘lardi. Bizning kamdan-kam, ammo nihoyatda mazmunli suhbatlarimiz menga tanqidiy fikrlashning ahamiyatini tushunishni, shaxsiy his-tuyg‘ularni reallikdan ajrata bilishni o‘rgatdi. Men har qanday murakkab vaziyatni chetdan ko‘ra bilish qanchalik muhimligini tushunishda yordam bergani uchun otamdan minnatdorman. Bu xislat insonga hissiyotlarini boshqarishga yordam beradi, xotirjamlik va ishonch tuyg‘usini baxsh etadi.

Uning ko‘pgina, bir paytlar tushunarsiz bo‘lib tuyulgan so‘zlari, bugun men uchun o‘zgacha namoyon bo‘lmoqda. Deyarli har kuni, “U haq bo‘lgan ekan”, degan fikr xayolimdan o‘tadi.

Biz otam bilan hozirda turli olamlardamiz va bog‘lanishining iloji bo‘lmagan ikki abonent kabi bir-birimiz bilan aloqaga chiqolmaymiz. Shunga qaramay, men o‘zimning xayoliy suhbatlarimda ba’zan uning javoblarini eshitishimni his qilaman”, deb yozgan Lola Karimova.

Ma’lumki, Karimovlar oilasining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2013 yildan buyon qator jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Oilaning kenjasi Lola Karimova-Tillyayeva esa otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. Lola Karimova AQSHda "The Harmonist" attorlik buyumlari brendiga asos solgan.

Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda istiqomat qilmoqda. U Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va Karimov nomidagi Respublika jamoat fondi faoliyatini yuritishda bosh-qosh.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova Islom Karimov Tat'yana Karimova Lola Karimova Birinchi Prezident

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing