To‘yib uxlamaydigan bolalar o‘sishdan to‘xtashi mumkin

Olam

image

Bolalarda uyqu yetishmasligi ularning o‘sishdan to‘xtashiga olib kelishi mumkin. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, to‘laqonli uyqu sog‘liq va organizmning normal faoliyati uchun nihoyatda muhim, ayniqsa bolalar uchun. Uyqu buzilishi qo‘shimcha kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Uyqusizlik emotsional muammolar, xotira va diqqatning pasayishi, reaksiya tezligining susayishi, asabiylik va kayfiyat o‘zgarishlariga olib keladi. Atigi 4 soatlik uyqu yo‘qotilishi reaksiya tezligini 45 foizga kamaytiradi. Qo‘shimcha 20 daqiqa uyqu esa bolaning maktabdagi o‘zlashtirishini yaxshilashi mumkin. Shuningdek, yetarli uyqu diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi belgilarini kamaytirishga yordam beradi.

Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, bolalar quyidagicha uxlashi kerak:

  • 1–3 yosh — kuniga kamida 11 soat;
  • 3–6 yosh — kamida 10 soat;
  • 6–13 yosh — kamida 9 soat;
  • 13–17 yosh — kamida 8 soat;

Uyqu tez va sekin fazalarga bo‘linadi. Sekin uyqu uch bosqichdan iborat bo‘lib, ayniqsa uchinchi bosqich eng muhim hisoblanadi. Aynan shu davrda bolada o‘sish va rivojlanish uchun zarur bo‘lgan gormonlar, eng avvalo o‘sish gormoni – somatotropin ishlab chiqariladi. Bu gormon bolaning bo‘y o‘sishini ta’minlaydi, to‘qimalar va mushaklarning yangilanishini tezlashtiradi, yog‘ to‘planishini kamaytiradi, mushak massasini oshiradi, suyak zichligiga ta’sir qiladi va moddalar almashinuvini tartibga soladi.

O‘sish gormoni eng yuqori miqdorda soat 23:00 dan 01:00 gacha ishlab chiqariladi. Agar bola 22:00 dan keyin uxlab qolsa, u ushbu muhim davrda yetarli darajada chuqur uyqu bosqichidan o‘ta olmaydi. Bundan tashqari, uyqudan oldin ovqatlanish (eng yaxshisi uyqudan 2–3 soat oldin ovqatlanishni to‘xtatish), shuningdek kechqurun tez hazm bo‘ladigan uglevodlar – shirinliklar, pechene, pirojniy va shakar iste’moli o‘sish gormoni ishlab chiqilishini kamaytiradi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar bola vazn yig‘a boshlasa, tez-tez kasallansa, o‘sishi to‘xtasa yoki yil davomida o‘sish sur’ati pasaysa, o‘qish ko‘rsatkichlari yomonlashsa, birinchi navbatda kun tartibini to‘g‘rilash zarur. Ayniqsa, uyqudan kamida ikki soat oldin telefon, planshet va televizor kabi gadjetlarni cheklash kerak, chunki ular asab tizimini qo‘zg‘atib, uxlab qolishni qiyinlashtiradi. Shundan so‘ng albatta bolalar endokrinologiga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Agar bola uyquda yurib ketsa (lunatizm), tez-tez qo‘rqinchli tushlar ko‘rsa yoki uyquda baqirsa, bu tez uyqu fazasi buzilganidan darak bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yonboshlab – embrion holatida yoki «qalamcha» holatida (qo‘l-oyoqlar cho‘zilgan holda) uxlash umurtqa pog‘onasiga tushadigan yukni kamaytiradi, kislota reflyuksi alomatlarini yengillashtiradi va qon aylanishini optimal darajada saqlashi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

uyqu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing