Qanday uxlash eng foydali ekani aytildi
Bu qiziq
−
15 dekabr 8591 2 daqiqa
Yonboshlab – embrion holatida yoki “qalamcha” holatida (qo‘l-oyoqlar cho‘zilgan holda) uxlash umurtqa pog‘onasiga tushadigan yukni kamaytiradi, kislota reflyuksi alomatlarini yengillashtiradi va qon aylanishini optimal darajada saqlaydi. Bu haqda Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati shifokori Debora Li “Daily Mail” nashriga ma’lum qildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “qalamcha” holatida uxlash ko‘plab afzalliklarga ega. Meyo klinikasi ma’lumotlariga ko‘ra, tananing bunday holati ichki a’zolarga bosimni kamaytiradi va dam olish vaqtida sog‘lom qon aylanishiga yordam beradi.
“Mutaxassislar odatda yonboshlab, tana va bosh bir tomonga qaratilgan holda uxlashni tavsiya etishadi. Bu bo‘g‘imlarga tushadigan yukni kamaytiradi, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri holatini saqlaydi va og‘riqlarning oldini oladi”, deydi Li.
Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, embrion holati – yonboshlab, tizzalarni ko‘krakka tortib uxlash ham umurtqa pog‘onasini tekislashga yordam beradi, xurrak otish xavfini kamaytiradi hamda homilador ayollar va bel og‘rig‘idan aziyat chekadiganlar uchun qulaylik yaratadi. Biroq tanani haddan tashqari bukish bo‘g‘imlarda qotish hissini keltirib chiqarishi yoki chuqur nafas olishni qiyinlashtirishi mumkin.
Eng zararli holatlar qatorida shifokor chalqancha uxlashni tilga oldi. “Askar” holati uyqu apnoesini – uyqu vaqtida nafas buzilishini kuchaytiradi, shuningdek, kislota reflyuksi, ya’ni oshqozon kislotasining qizilo‘ngachga qaytish xavfini oshiradi. Bu ayniqsa yostiq balandligi yetarli bo‘lmaganda tez-tez kuzatiladi.
“Askar” holatida umurtqa pog‘onasi to‘g‘ri holatda bo‘ladi, biroq unga tushadigan yukni kamaytirish uchun ikki tizza ostiga yostiq qo‘yish maqsadga muvofiq – bu bel qismidagi egilishni yumshatadi. Bunday holat yelkalarda noqulaylik tug‘dirishi mumkin, bunday vaziyatda qo‘llar yon tomonga yozilgan, “dengiz yulduzi”ga o‘xshash holat yordam beradi”, deya xulosa qildi Li.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazib, smartfondan erta foydalanishni boshlash bilan o‘smirlarda ruhiy va jismoniy muammolar xavfi ortishi mumkinligini aniqlagandi.
Live
Barchasi