To‘rt yilda gemotologik kasalliklarga chalinganlar 10 foizga oshgan – Yo‘ldoshev

Jamiyat

image

O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yilda gemotologik kasalliklarga chalinganlar 10 foizga oshgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning kecha, 25 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishidagi nutqida aytilgan. 

“So‘nggi to‘rt yilda gematologik kasallikka chalingan bemorlar soni respublikada 10 foizga ortgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishdagi shifokor shtatlari va bemor o‘rinlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmagan.

Bunday bemorlar uchun orderlar soni ham cheklangan bo‘lib, Samarqand, Namangan va Navoiy viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda o‘rinlar pullik bo‘lib, bepul davolanish imkoniyati mavjud emas”, deydi Bosh prokuror.

Yig‘ilishda tak’idlanishicha, respublikada yagona bo‘lgan – Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga bepul davolanish uchun bir oyda 323 ta order berilsa-da, amalda 544 nafar bemor qabul qilinmoqda va o‘rinlar yetishmasligi tufayli bemorlar 3 kundan 6 kungacha navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

Institut poliklinikasi bir yilda 40 ming nafar bemorni qabul qilishga ixtisoslashgan  bo‘lsa-da, 2018 yilda 68.152 nafar (shundan 30.704 nafari bolalar) yoki quvvatiga nisbatan 70 foizga ko‘p bemor qabul qilingan.

Bu esa, o‘z navbatida, davolash ishlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘rinlar kamligi tufayli bemorlarning shifoxonaga kech keltirilishi oqibatida so‘nggi to‘rt yilda 63 ta sutkalik o‘lim holatlariga sabab bo‘lgan.

“E’tibor bering! Yildan-yilga aholi va qon kasalliklariga chalinganlar soni ortib borayotgan bir paytda, gematologiya sohasidagi shtat normativlari hanuzgacha vazirlikning ma’nan eskirgan va bugungi talablarga javob bermaydigan, 1995 yilgi 354-sonli buyrug‘iga asosan tartibga solinmoqda. Buning oqibatida tuman-shahar tibbiyot birlashmalarida gematolog shtati umuman nazarda tutilmagan. Institut klinikacining sitostatik dori vositalari bilan ta’minlanish darajasi pastligi (40%) oqibatida bu kasalliklardan tuzalish ko‘rsatkichi o‘rtacha 40-50 foizni tashkil qilayotganligi o‘ta tashvishlidir.

Vaholanki, bu kasalliklardan tuzalish ko‘rsatkichi rivojlangan davlatlarda 70-80 foizni tashkil etadi”, deydi Bosh prokuror o‘z nutqida.

Yig‘ilishda yuqoridagi xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi va Bosh prokuror tomonidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir necha bor ogohlantirish va topshiriqlar berildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuror Nig'matilla Yo'ldoshev gemotologik kasalliklar

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing